Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa ish bozorida paradoks: istak bor, ammo…
10:31 / 2026-01-10

2026 yil boshidan Yevropa mehnat bozorida ziddiyatli kayfiyat hukmron.

Bir qarashda ko‘pchilik yangi ish qidirayotgandek, ikkinchi tomondan esa ularning aksariyati o‘zini bu jarayonga tayyor emas, deb hisoblaydi. Ayni holat ish bozori tobora murakkablashayotganini ko‘rsatadi.

“LinkedIn” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, kuchli iqtisodiyotga ega davlatlar aholisining 47 foizi ishini o‘zgartirishni rejalashtirgan. Afsuski, respondentlarning 77 foizi, boshqacha aytganda har besh kishidan to‘rt nafari yangi ish topish uchun yetarli bilim va ko‘nikmaga ega emasligini tan olgan. Bu nafaqat xodim, balki ish beruvchi uchun ham jiddiy muammo: rekruterlar, ya’ni xodim tanlovi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning uchdan ikki qismi malakali kadr topish qiyinlashganini bildirgan.

Mamlakatlar kesimida qaralganda eng faol ish qidirish kayfiyati Buyuk Britaniyada kuzatilmoqda. Bu yurtda so‘rov qatnashchilarining yarmidan ko‘pi boshqa ish izlamoqchi. Ish e’loni soni esa hamon pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetmagan. Demak, Qirollik mehnat bozorida raqobat nihoyatda kuchli. Shvetsiya va Ispaniyada ham ish qidirishga tayyorlar ulushi yuqori. Bu borada eng past ko‘rsatkich qayd etilgan Fransiyada atigi 37 foiz odam ish almashtirish niyatini oshkor qilgan. Germaniya va Italiya o‘rta darajadan past, Niderlandiya esa o‘rtacha ko‘rsatkichga teng.

Eng xavotirli jihati shundaki, ishlashga tayyorman, deganlar ham o‘ziga ishonmayapti. Masalan, Shvetsiyada aholining 83 foizi yangi ishga joylashish uchun layoqati yetarli emasligini ta’kidlagan.

Tadqiqot ko‘rsatdiki, ish bozori tez o‘zgarayotgani beqarorlikning asosiy sabablaridan biridir. Ayniqsa, sun’iy intellekt bilan bog‘liq kasblarga talab keskin o‘smoqda. Yevropaning yetakchi davlatlarida eng tez rivojlanayotgan aksar kasblar sun’iy idrok bilan bog‘liq. Masalan, “AI muhandisi” (sun’iy intellekt tizimini ishlab chiquvchi mutaxassis) va “AI bo‘limi rahbari” eng talabgir lavozimlarga aylangan. Ayrim o‘lkalarda ekologiya, logistika va ta’lim sohasi mutaxassislarining bozori ham chaqqon.

Qisqasi, zamonaviy ish bozori endi faqat tajriba emas, balki moslashuvchanlik, raqamli savodxonlik va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishni ham taqozo qilmoqda. Ko‘plab yevropaliklar ishini o‘zgartirishni xohlaydi, ammo bozor talab qilayotgan bilim va ko‘nikma bilan o‘z salohiyati o‘rtasida jiddiy tafovutni sezmoqda. Binobarin, ko‘hna qit’ada ish bozori “istak va imkoniyat” o‘rtasidagi nomutanosiblik davriga kirgan. Odamlar o‘z hayotini yaxshilash uchun ishini o‘zgartirmoqchi, biroq tez o‘zgarayotgan iqtisodiyot va texnologiya ta’sirida bu qadamni tashlash tobora murakkablashmoqda. Bu yaqin yillarda qayta tayyorlash, malaka oshirish va kasbiy moslashuv masalasi Yevropa uchun dolzarb muammoga aylanishini anglatadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA