Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kunlarda Yevropa hisob palatasi delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad Yevrokomissiyaning moliyaviy ko‘magida Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki (YeTTB) tomonidan O‘zbekiston hududidagi ilgargi uran koni ob’ektlarida amalga oshirilayotgan atrof-muhitni ekologik tiklash (rekultivatsiya) ishlari holati bilan tanishishdir.
Tashrif dasturining birinchi kunida Yevropa hisob palatasi katta auditori Afonso de Kastro Malxeyro boshchiligidagi delegatsiya Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv davomida Yangiobod va Chorkesarda joylashgan ilgargi uran konlarida amalga oshirilayotgan ekologik tiklash jarayonlarida radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash va qonunchilik talablariga amal qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ob’ektlarning jismoniy himoyasini yo‘lga qo‘yish, radioaktiv chiqindilar hisobini yuritish va davlat nazoratini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ma’lumot va tajriba almashildi.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropa hisob palatasi delegatsiyasining mamlakatimizdagi tashrifi 11 aprelda yakunlanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA