Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olish rejasini e’lon qildi, AQSH esa hamon Isroilni qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Bu holat G‘azo kelajagi bo‘yicha Vashington va uning ittifoqchilari o‘rtasida keskin tafovutni yuzaga chiqardi.
Fransiya va Saudiya Arabistoni boshchiligida BMTda o‘tkazilgan konferensiyada Yevropa davlatlari ikki davlat yechimini qayta tiklashga chaqirdi. Kanada ham ushbu tashabbusga qo‘shildi. Tramp ma’muriyati uchrashuvni boykot qilib, uni “siyosiy shou” deb atadi.
Ekspertlar Tramp ma’muriyatining G‘azo bo‘yicha uzoq muddatli rejasi yo‘qligini ta’kidlashmoqda. Prezident ilgari G‘azoni AQSH nazoratiga olib, “Yaqin Sharq riverasi”ga aylantirish rejasi haqida gapirgan bo‘lsada, bu g‘oya xalqaro bosim va arab davlatlarining keskin noroziligi ortidan bekor qilindi.
Yevropa mamlakatlari, xususan Buyuk Britaniya va Fransiya G‘azodagi ocharchilik va tinch aholining o‘limini qoralab, Falastin davlatini tan olishni tezlashtirishga majbur bo‘ldi.
Arab davlatlari bilan birga ular Falastin ma’muriyatini qo‘llab, ikki davlat yechimiga qaytishni taklif qilmoqda. Bu yillar davomida qo‘llanilgan siyosatdan keskin chekinish bo‘lib, endi Yevropa AQSHsiz diplomatik jarayonni yuritishga harakat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA