Bilasizki, dokerlar – portlarda kemalarga yuk ortish va tushirish ishlari bilan shug‘ullanadigan ishchilardir. Ayni paytda ular o‘zlari ishlayotgan portlar orqali qurol-yarog‘ tashishga qarshi namoyishlar uyushtirmoqda. Isroil G‘azoda amalga oshirayotgan harbiy harakatlarini go‘yoki “o‘zini-o‘zi mudofaa qilish” deb atamoqda. Yevropa portlarida esa Isroilning bu harakatini qoralovchi keskin norozilik ovozlari yangramoqda. Jumladan, Italiyaning Jenoa portlari dokerlari namoyishlarga qo‘shildi. Ular uzoq yillardan beri qurol eksport qilishga qarshi namoyishlar qilib keladi.
Faollar YeI davlatlarini Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga va inson huquqlari buzilayotgan hududga harbiy yordam yo‘llashni butunlay tugatishga chaqirmoqda. Jenoa portidagi dokerlar harakati rahbarlaridan biri Xose Nivoy so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida fuqarolik portlari orqali qurol-yarog‘ tashish sezilarli darajada o‘sgan.
– Biz norozilik bildirib ko‘p bora yuqori tashkilotlarga murojaat qilganmiz, -deydi Nivoy. – Rasmiylar bu harakatlarni davlatlararo qurol aslaha eksporti deb emas, balki xususiy bitim deb rasmiylashtirib, javobgarlikdan qochishmoqda. Ular qurol-yarog‘ emas, go‘yo banan savdosi bilan shug‘ullanishayotganga o‘xshaydi.
Dokerlar port ma’muriyatlari va davlat organlarini mavhum yuklar haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirishda ayblashmoqda. Italiya qonunchiligida bu borada aniq cheklov mavjud: 1990 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq urush olib borayotgan davlatlarga qurol yetkazib berish taqiqlanadi. Ammo bu qonundan ham turli “talqinlar” bilan qochishga urinishadi. Shunday yo‘llar bilan Isroil hozirda Yevropadan harbiy yordam olmoqda.
Bundan tashqari, Isroil o‘z qurol arsenalining taxminan 70 foizini AQSHdan import qiladi. Qo‘shma Shtatlar hozirgi kunda dunyodagi eng yirik qurol yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. Germaniya esa Isroilni qurol bilan ta’minlovchi ikkinchi davlat bo‘lsa, uchinchi o‘rinda Italiya turadi.
BMTning umumiy pozitsiyasi inson huquqlari buzilayotgan va mojaroli hududlarga qurol eksportini cheklashni talab qiladi. Biroq bu qoidalar majburiy bo‘lsa-da, nazorat qilish yo‘lga qo‘yilmagan. Bundan tushunish mumkinki, bu talabni bajarish yoki bajarmaslik har bir davlatning siyosiy xohishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Italiyalik Jorjio Beretta qurol savdosi bo‘yicha tajribali tahlilchi hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, eksport ma’lumotlari juda umumiy va ularda aniqlik yo‘q. – Masalan, hujjatda shunchaki “samolyot” deb yoziladi, ammo u yo‘lovchi tashuvchi samolyotmi yoki qiruvchi samolyotmi aniq ko‘rsatilmaydi, buning juda katta farqi bor, -deydi u.
Xullas, Jenoa dokerlari va Yevropadagi boshqa port ishchilari qurol savdosining to‘xtatilishi uchun harakat qilar ekan, ular: “Fuqarolik portlari — inson hayotini saqlab qolish uchun xizmat qilishi kerak, urush qurollarini tashish uchun emas” deyishmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ptq4CP0K-2o" title="Yevropa dokerlari qurol yetkazib berishga qarshi chiqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA