Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa davlatlariga 8,3 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi
18:10 / 2023-07-31

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani “O‘zmetkombinat” AJning joriy yilning birinchi yarmi faoliyati yakunlariga bag‘ishlandi.

Unda “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining o‘tgan davr mobaynida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, eksport salohiyati, Investitsiya va Mahalliylashtirish dasturlari ijrosi bo‘yicha erishilgan natijalar tahlil etildi. 

–  O‘tgan davr mobaynida jami 4,4 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, – dedi “O‘zmetkombinat” AJ Reja-iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahboz Mahmudov. – 2022 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 90,9 foizdir. Mahsulotlar eksporti 75,3 million dollarni tashkil etdi, rejaga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 190,7 foiz. Shuni qayd etish joizki, mahsulotlarimizga uzoq va yaqin xorij davlatlaridan qiziqish ortib bormoqda. Jumladan, 2023 yilning yarmi davomida Yevropa davlatlariga 8,3 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. 

[gallery-12965]

Anjumanda joriy yilning birinchi yarmida  Mahalliylashtirish dasturi doirasida bajarilgan ishlarga ham urg‘u berildi. Unga ko‘ra, jami 423,9 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlangan va o‘sish sur’ati 306,5 foizni tashkil etgan. Ta’kidlash joizki, kengaytirilgan loyihalar doirasida A500 markali armatura 366,7 milliard so‘m qiymatida o‘zlashtirildi va respublika miqyosida importni 32,2 million dollar miqdorida maqbullashtirildi. Importni qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2023 yilning yanvar – iyun oylari bo‘yicha jami 39,4 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu prognozga nisbatan 100,8 foiz.  

–Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kombinat tomonidan “Quyuv prokatlash majmuasini qurish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha amalga oshirish muddati 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan. Ushbu loyiha eng yirik investitsion loyiha hisoblanadi. Bu loyiha asosida kombinatda 1,04 million tonna import o‘rnini bosadigan, eksportbob, issiq holda prokatlangan po‘lat list o‘ramlari ishlab chiqariladi. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish quvvatlari deyarli 2 baravarga oshadi. Metallurgiya uskunalarini yetkazib berishda jahonda yetakchi bo‘lgan “Daniyeli” (Italiya) kompaniyasi hamda sanoat ob’ektlarini qurishda katta xalqaro tajribaga ega bo‘lgan pudratchi “Renessans Avstriya” (Turkiya) kompaniyasi bu investitsion loyihani amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda. Loyiha ijrosi bo‘yicha raqamlarga e’tibor qaratganimizda, joriy yil yanvar – iyun oylarida 45 million dollar  o‘zlashtirish prognozi o‘rnatilgan bo‘lib, amalda 83,4 million dollarlik mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirildi, – dedi “O‘zmetkombinat” AJ investitsiya loyihalari monitoringi bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Mirzarahimov.  

Shuningdek, tadbirda kombinatning barcha mahsulotlari muvofiqlik sertifikatlariga egaligi, sof tushum, sof foyda, samaradorlikning asosiy ko‘rkatkichlari sarhisob qilinib, galdagi rejalar yuzasidan ham ma’lumot berildi.  

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA