Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa davlatlari O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda
20:21 / 2021-11-27

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov shu hafta bir necha davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Shu munosabat bilan TIVda bo‘lib o‘tgan tadbirlar davomida O‘zA muxbiri yangi tayinlangan elchilarning ikki tomonlama munosabatlar istiqboli xususidagi fikrlarini yozib oldi.

Refik SHABANOVICH - So‘zim avvalida Xorvatiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanganimdan minnatdor ekanimni bildirmoqchiman. Mening bosh maqsadim ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga hissa qo‘shishdan iborat bo‘ladi. 

Turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega Xorvatiya dunyoda o‘zining eng ilg‘or sayyohlik yo‘nalishlari bilan mashhur davlatlardan biri hisoblanadi. Masalan, 2019 yil, koronavirus pandemiyasi yuzaga chiqishidan oldin biz 21 million turistni qabul qilgan edik. Vaholanki, mamlakatda bor-yo‘g‘i 4 million aholi yashaydi. Bundan tashqari sport sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor, ya’ni O‘zbekistonda futbol klubi ochmoqchimiz.

Shu o‘rinda masalaning yana bir muhim jihatiga to‘xtalib o‘tishim lozim. Biz hamkorlikning huquqiy manbalarini mustahkamlash maqsadida respublikada biznes yuritishni yanada soddalashtirishga qaratilgan bir necha shartnoma imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz. Fursatdan foydalanib, Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar qatori Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘z lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabriklayman. Xorvatiya tomoni O‘zbekistonda davom etayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Jon Mikal KVISTAD: Munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur

- Faoliyatimni Toshkentda davom ettirayotganimdan behad mamnunman. Ishonch yorlig‘ini topshirish marosimida tashqi ishlar vaziri bilan qizg‘in suhbatlashdik. Muloqot davomida janob Abdulaziz Komilov menga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi. Umuman, keyingi yillarda respublikada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan xabarim bor va bu jarayon menda juda iliq taassurot qoldiryapti.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 
biz juda ko‘p masalalarda bir-birimizga xayrixoh ekanligimizni ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Ayniqsa, BMT, YeXHT kabi yirik xalqaro tuzilmalar doirasidagi qarashlarimiz yaqin.
Norvegiya O‘zbekiston bilan respublika mustaqillikka erishgan davrdan boshlab hamkorlik qilib keladi. O‘tgan davr mobaynida birgalikda muayyan natijalarga erishildi. Endi aloqalarni yanada rivojlantirib, yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Ayni payt xalqaro maydondagi mintaqa bilan bog‘liq ahvol, xususan Afg‘oniston masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Bu borada biz BMT, jumladan O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq ma’qullaymiz.

G‘ayrat Xonnazarov suhbatlashdi.

O‘zA