Yaqinda Yevropa komissiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga “GSP+” doirasida ikkinchi monitoring missiyasi tashrifi tashkil etilgan edi.
Monitoring davrida mamlakatimiz tomonidan “GSP+” tizimi doirasida ratifikatsiya qilingan 27 ta xalqaro konvensiyaning amalga oshirilishi va ikki tomonlama savdo aylanmasini kengaytirish doirasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Tashrif chog‘ida Yevropa komissiyasi tarafidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida Yevropa komissiyasi vakillariga xalqaro konvensiyalar talablarini respublika qonunchiligiga tatbiq etish doirasida mamlakatda amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Yevropa vakillari tarafidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, inson huquqlarini kafolatlashga asoslangan davlat tizimini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, iqtisodiy shaffoflikni ta’minlash va turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni mustahkamlashi e’tirof etildi.
Shuningdek, tashrif yakunida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar “GSP+” benefitsiari maqomi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada diversifikatsiya qilishda asosiy samarali vosita bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, “GSP+” doirasidagi imtiyozlardan samarali foydalanish va mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi talablarga moslashtirish maqsadida savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, 2021 yil 10 aprel kuni O‘zbekistonga “Bosh pereferensiyalar tizimi plyus” (“GSP+”) benefitsiari maqomi berilgan. Ushbu tizim doirasida Yevropa bozoriga 6 ming 200 dan ziyod tovar pozitsiyalarini bojxona bojlarisiz eksport qilish imkoniyati yaratildi. Ushbu imkoniyatlardan foydalanish natijasida 2024 yilda O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulotlar eksporti hajmi 1,4 milliard dollarga yetib, so‘nggi to‘rt yil ichida qariyb uch barobarga oshdi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA