Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Alyaska muzokarasidan chetda qoldi (+video)
16:28 / 2025-08-12

Yevropaning o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq muhim muzokaradan chetda qolishi tahlilchilar tomonidan jiddiy xavotir bilan qarshi olinmoqda, deb yozgan Euronews.

Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida Alyaskada o‘tishi kutilayotgan uchrashuv Yevropa Ittifoqi vakillari hamda Ukraina ishtirokisiz kechadi. Bu ikki yirik davlat yetakchilarining urush boshlangandan keyingi ilk yuzma-yuz muloqoti bo‘ladi. Huquqshunos professor Alberto Alemanno ayni holatni ko‘hna qit’a uchun hafsalani pir qiluvchi jarayon sifatida baholab, shunday deydi:

– Bu manzara ko‘plab yevropaliklar uchun juda noxush. Ularga AQSH ma’muriyatining buyrug‘ona yondashuvini emas, balki o‘z yetakchilari so‘zini eshitish ma’qul. Bo‘lajak muzokara YeI xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega, ammo Yevropaning o‘zi bu jarayonda qatnashmayapti.

Mutaxassis ta’kidlashicha, hozir qit’a yetakchilari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni muzokara jarayoniga jalb qilish harakatini boshlagan. Binobarin, AQSHning Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishi mumkinligi haqidagi bayonoti Yevropani o‘ta ehtiyotkor pozitsiya tanlashga majburlamoqda.

– Vitse-prezident Jey Di Vensdan endi Ukraina qo‘llab - quvvatlanmasligi ehtimoli haqida eshitdik, – deydi Alemanno.– Yevropa yetakchilari bugungi kunda qiyin tanlov oldida turibdi. Agar ular Ukrainaga qat’iy sodiqlik ko‘rsatib, Tramp – Putin uchrashuvida Zelenskiy ishtirokini ta’minlashga urinsa, AQSH rejasiga qarshi borib qarama-qarshi tomonda qolishlari mumkin. Mabodo, ko‘tariladigan masalalarga ko‘z yumsalar, Ukraina zarariga ishlaydigan kelishuv tasdiqlanishi mumkin.

Tahlilchilar fikricha, Yevropa o‘z xavfsizligini AQSHga bog‘lab qo‘ygani uchun murakkab vaziyatga tushib qolyapti. Agar Rossiya bilan Yevropa va Ukraina ishtirokisiz kelishilsa, NATO obro‘siga putur yetadi.

Siyosatshunos Yakob Kirkegaard ayni masalada shunday dedi:

- Agar AQSH NATOning asosiy xavfsizlik kafolatchisi sifatida Rossiyaga harbiy foyda keltiradigan shartnoma imzolasa, NATO tashkilot sifatida ahmiyatini yo‘qotadi. Bu bizning, ya’ni haqiqiy Yevropaning muammosi ekanini anglashimiz lozim. Hozir Yevropa mustaqil ravishda Ukrainaga yetarli yordam bera olmayapti va Rossiyani to‘xtatish qobiliyatiga ham ega emas.

Muzokara oldidan Tramp o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv Rossiya va Ukraina o‘rtasida hududlar almashinuvini ham nazarda tutishi mumkinligini bildirgan. Zelenskiy keskin rad etgan bu taklifga YeI yetakchilari ham keskin munosabat bildira boshladi.

YeI bosh diplomati Kaya Kallas vaziyat jiddiyligini e’tirof etib, tashqi ishlar vazirlari norasmiy virtual yig‘ilishiga chaqiruv yo‘lladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6sryefj4mIk" title="Yevropa Alyaska muzokarasidan chetda qoldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA