Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevroosiyo iqtisodiy forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda
14:11 / 2022-05-25

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Yevroosiyo iqtisodiy forumi – 2022” Xalqaro forumida ishtirok etmoqda.

Forum 25-26 may kunlari Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bugun Boris Yelsin nomidagi Qirg‘iz-Rossiya Slavyan universitetida forum doirasidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi delegatsiya forum doirasida ertaga “Insonlar va biznes manfaatlari uchun texnik tartibga solish” mavzusida gibrid formatda o‘tkaziladigan muhokamalarda qatnashadi.  

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018 yildan buyon Xalqaro iste’molchilar tashkilotining to‘laqonli a’zosidir. 

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (VEES) yig‘ilishi arafasida bo‘lib o‘tayotgan Birinchi Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisida YeOII (YeAES) a’zo va kuzatuvchi davlatlar – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston va Kuba davlatlari rahbarlari ishtirok etadi.  

Yevroosiyo iqtisodiy forumi 2016 yildan buyon YeOII mamlakatlarida o‘tkazib kelinayotgan “Yevroosiyo haftaligi” negizida tashkil etilgan. 2019 yilda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi “Yevroosiyo haftaligi”ni Yevroosiyo iqtisodiy forumi tarzida qayta tashkil etish haqida qaror qabul qilgan edi. Mazkur forum YeOII va kuzatuvchi davlatlarning yirik, o‘rta va kichik biznesi vakillari, davlat va nodavlat idoralarini o‘zida jamlaydi.   

Uning asosiy maqsadi – YeOII davlatlari iqtisodiy integratsiyasini tezlashtirish, mavjud to‘siqlarga barham berish va iqtisodiyot sektorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdir. Forumga uzoq va yaqin xorij mamlakatlaridan 600 dan ziyod ishtirokchi taklif etilgan. 

Yevroosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etish YeOII kun tartibidagi asosiy masalalardan xabardor bo‘lish, yaqin istiqbolda YeOIIga a’zo davlatlar qonunchiligida qanday yo‘nalishlar ustuvor bo‘lishini prognozlash, Yevroosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etayotgan kompaniyalar bilan biznes hamkorlik o‘rnatish kabi qator imkoniyatlarni taqdim qiladi. 

Maftuna Karimova, O‘zA