English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevroosiyo guruhi yalpi majlisi
19:02 / 2022-06-02

Toshkentda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 36-yalpi majlisi o‘tkazildi. Anjumanda tuzilmaga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar va hamkor tashkilotlar – BMT, Moliyaviy choralarni ishlab chiqish bo‘yicha FATF guruhi, YeXHT, SHHT, MANIVEL, Jahon banki vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ushbu sohaga oid milliy tizimni o‘rganish va baholash bo‘yicha 2020-2022 yillarda olib borilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot tasdiqlandi. Mazkur hujjat Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi va qator tashkilotlar ekspertlari tomonidan tayyorlangan.

Yig‘ilish davomida respublikamizning ayni yo‘nalish bo‘yicha xalqaro reytinglardagi indeks ko‘rsatkichlarini oshirishga, tizimni takomillashtirishga yordam beradigan tegishli tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mamlakatimizda ishlab chiqilgan mexanizmga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

– O‘zbekiston bu borada sezilarli muvaffaqiyatga erishdi, – dedi Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi raisi, Rossiya Federatsiyasi Moliyaviy monitoring federal xizmati direktori Yuriy Chixanchin. – Xususan, respublikada qonunchilik bazasi o‘zgartirildi, huquqni himoya qilish idoralari, bank va nobank sektor vakillari bilan hamkorlik o‘rnatildi. Bu olib borilayotgan islohotlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘ylaymanki, ushbu yo‘nalishdagi milliy tizimga hissa qo‘shish davlat rahbari tomonidan belgilangan barcha masalalarni hal etishga ko‘maklashadi. Mazkur jarayonda guruhga a’zo mamlakatlar hamkorligini yanada rivojlantirish, yangi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Eron Islom Respublikasi Moliyaviy razvedka xizmati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash istiqboli ham muhokama qilindi.

– O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqilgan, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Moliyaviy monitoring agentligi raisi Jannat Elimanov. – Biz sohaga doir mavjud xavfni baholash, xufiyona operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganib, orttirilgan tajribani respublikamizda qo‘llamoqchimiz.

Majlis yakunida Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 37-yalpi yig‘ilishini Tojikistonda o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Gulruh ABDULLAEVA, O‘zA muxbiri