Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Yevroosiyo farmatsevtika sammiti doirasida biosimilyarlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar bozoriga tarqatishni ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Ushbu mavzuga bag‘ishlab o‘tkazilgan panel muhokamasida STADA kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori, “O‘zbekiston va Qirg‘iziston” klasteri rahbari Baxtiyor Hojimuhammadov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Yaqin yillarda murakkab onkologik va endokrin kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan ko‘plab biotexnologik dori vositalarining patenti tugaydi. Bu esa, bozorda ularning ko‘p sonli muqobili – djeneriklar va biosimilyarlarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochadi. Biosimilyarlar – bu birinchi marta ishlab chiqarilgan va haqiqiy preparatning patent muddati tugaganidan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan asl dori vositasiga o‘xshash biotexnologik dori vositalaridir.
Biosimilyarlar Yevropada anchadan beri mashhur hisoblanadi. Masalan, aholisi 5,5 million kishini tashkil etadigan Slovakiyada ushbu vositalar bozori 1,8 milliard yevroni tashkil etsa, 6,5 million kishilik Bolgariyada 2 milliard yevrodan oshadi.
Ekspertning fikricha, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda biomahsulotlar, xususan biosimilyarlar bozori ancha orqada. Ishlab chiqaruvchilar buning bir necha asosiy omilini ko‘rsatadi: bozor hajmi, sog‘liqni saqlash tizimining tayyorligi, patent himoyasining amal qilish muddati tugashi kabi tartibga solish tizimining moslashuvchanligi va yuridik jihatlar.
Spikerning fikricha, biosimilyarlar sog‘liqni saqlash byudjeti cheklangan mamlakatlar uchun iqtisodiy jihatdan ancha foydalidir. Aholi soni 37 million kishiga ega va o‘rtacha umr ko‘rish taxminan 74 yosh bo‘lgan O‘zbekistonda biopreparatlarga talabning oshishi kutilmoqda. Kasalliklar soni ortib borishi bilan ularni davolashga bo‘lgan talab ham oshadi, bu esa arzon va sifatli biosimilyarlarning ahamiyatini kuchaytiradi.
STADA kompaniyasi bu yo‘nalishda faol rivojlanmoqda – yaqinda O‘zbekistonda birinchi biosimilyar uchun ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasi olindi. Biroq, ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini olgunga qadar ishlab chiqarilgan mahsulotni olib kirish bilan bog‘liq tartibga soluvchi yangiliklar bor. Shu sababli uchrashuvda biosimlyarlarning Yevropa mamlakatlari bozoriga tez va sifatli olib kirilishini ta’minlab bergan tartibga solish tadbirlarini soddalashtirish bo‘yicha misollar keltirildi.
Baxtiyor Hojimuhammadov o‘z chiqishi so‘nggida bemorlarning bu zarur dori vositalaridan foydalanishini ta’minlashda soha mutaxassislari, ishlab chiqaruvchilari va uni tartibga soluvchilarni faol hamkorlik qilishga chaqirdi. STADA kompaniyasi tibbiyot xodimlarining malakasi va biomahsulotlardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarligini oshirish maqsadida ta’lim dasturlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Ma’ruzachi olib borilayotgan faol muzokara va muloqotlar mavjud to‘siqlarni yengib, biosimilyarlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar bozoriga tarqatish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga umid bildirdi.
Alpomish Mashrabxonov,
O‘zA