Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yevro-2024": Germaniya pley-offda
09:41 / 2024-06-20

"Yevro-2024" musobaqasining guruh bosqichi ikkinchi turida mezbon Germaniya terma jamoasi Vengriya termasini 2:0 hisobida taslim etdi. O‘yindagi ikki golga Muciala va Gyundogan mualliflik qildi.

Shu tariqa, Germaniya "A" guruhi peshqadami sifatida 6 ochko jamg‘argan holda pley-offga yo‘l olgan ilk jamoaga aylandi. Endi chempionat mezbonlari 3-turda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yinda mag‘lub bo‘lmasa, guruhda birinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichda "C" guruhidagi ikkinchi o‘rin sohibi bilan raqobatlashadi.   

Darvoqe, Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer kechagi o‘yindan so‘ng Janluiji Buffonning rekordini takrorladi. Aniqrog‘i, Noyer uchun mazkur o‘yin Germaniya safida Yevropa chempionatidagi 17-uchrashuv bo‘ldi.   

Ana shunday rekordlarni o‘rnatgan futbolchilar orasida Krishtianu Ronalduga teng keladigani yo‘q. Hozirda u 26 marotaba ushbu turnirda Portugaliya terma jamoasi safida maydonga tushgan. Uning ortidan esa Pepe (20), Joau Moutinyu (19), Leonardo Bonuchchi (18) va Bastian Shvaynshtayger (18) bormoqda. Ronaldu bu yilgi musobaqada ushbu natijani yanada oshirish imkoniga ega va uning har bir o‘yini mazkur rekordni yangilayveradi.   

Yevropa chempionatining "A" guruhi ikkinchi juftligida Shotlandiya – Shveysariya termalari o‘zaro raqobatlashdi va 1:1 hisobida durang qayd etdi. Ushbu natijadan so‘ng Shveysariya ochkolarini 4 taga yetkazib, ikkinchi pog‘onani mustahkamladi. Shotlandiya esa 1 ochko bilan 3-o‘rindan joy oldi. Vengriya esa birorta ochkosiz 4-o‘rinda bormoqda va musobaqaning navbatdagi bosqichidan umidini uzdi.   

"B" guruhidan o‘rin olgan Albaniya va Xorvatiya jamoalari to‘qnashuvi ham 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Jamoalar guruhda 1 tadan ochko to‘plab, 3-4 o‘rindan joy oldi.   

Bugun, 20 iyun kunidan 21 iyun kuniga o‘tar kechasi (soat 00:00) mazkur guruh peshqadamlari Ispaniya va Italiya termalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bu uchrashuv kunning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilmoqda.   

Shuningdek, chempionatning «D» guruhida Sloveniya – Serbiya, Daniya – Angliya terma jamoalari ikkinchi tur doirasida o‘zaro kuch sinashadi.   

Bu guruhdagi vaziyat haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Angliya hisobida ilk turdan so‘ng 3 ochko mavjud. Bugungi uchrashuvda g‘alaba qozonsa, pley-off yo‘llanmasi naqd bo‘ladi. Daniya va Sloveniya hisobida esa 1 tadan ochko bo‘lsa, Serbiyada ochko yo‘q. Shu sababli, Serbiya, Daniya va Sloveniya terma jamoalari faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi.   

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA