Ochig‘i, Yevropa chempionatining har bir uchrashuvi, xususan kecha tunda yakunlangan 1/4 final bosqichidagi Chexiya-Daniya “spektakli” ham jahon futbolining kulminatsion shousi darajasida o‘tdi.
Bundan 29 yil muqaddam, 1992 yili danchanlarning “ajdodlari” Yevropa chempioni bo‘lishganda ham ayni holatga o‘xshash vaziyatlar ro‘y bergandi. Bugun ham dunyo futbol fanatlarida xuddiki eski Daniyaga bo‘lgan “futbol oshiqligi” tuyg‘usi jo‘sh urayotgandek.
Nima bo‘lganda ham kecha tunda Daniya Yevropa futbol jamoalari orasida o‘ziga xos xarakter va jamoaviy tartib-intizomga asoslangan Chexiya terma jamoasini ishonchli tarzda mag‘lub etib (1:2), keyingi bosqichga chiqdi.
Endi Daniya ko‘xna qit’aning charm tup “oqsoqoli” - Angliya bilan 7 iyul kuni final masalasida “muzokara maydoniga” tushadi. 29 yil avvalgi ajdodlar an’anasini yangi avlod davom ettira olarmikan, ko‘ramiz.
Angliya-Ukraina 4:0: Mag‘lublikni bayram qilganlar
Aslida, Yevropa chempionatining bu galgi zavq-shavqida Ukrainaning kutilmaganda kichik da’vonlardan omadi kulib, ishonch bilan keyingi bosqichlarga odimlashi barchaga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Labanovskiy izdoshlariga bu borada Gollandiya va Avstriya jamoalarining “yordam” berib yuborgani ham bor gap.
Ukrainlarning 1/8 finalida Shvetsiya termasini mag‘lub etib, futbol tarixida birinchi marta Yevropa balandlik nuqtasiga ko‘tarilishi go‘yoki endi ularni final yo‘lida sobitqadam inglizlar ham to‘xtatib qololmaydigandek edi. Ammo katta ustunlikka ega bo‘lgan Angliya har jihatdan Ukraina terma jamoasiga yaxshigina “dars” berdi. Uchrashuv mobaynida Angliyaga g‘alaba keltirgan 4 ta golning uchtasi ikkinchi pog‘onadan darvozaga yo‘llanganini hisobga olsak, inglizlar katta futbol olamida nimalarga qodirligini anglash qiyin emas.
Ukraina terma jamoasi Yevropa chempionati bilan 1/2 final ostonasida xayrlashdi. Mamlakat termasi ustozi Shevchenkoning o‘yindan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida shogirdlari uchun chempionatning bu tarzda yakun topishi, jamoasining shunday darajaga ko‘tarilishi bu tom ma’noda Ukraina futboli uchun katta bayram, yuksak g‘alabalarning boshlanishi ma’nosida fikr bildirib o‘tdi.
To‘lqin RO‘ZIEV