Buxoro viloyati Vobkent tumani “Niyozxo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qoryog‘di qishlog‘ida yashovchi Anvar Gadoyev qo‘shimcha daromad qilish uchun 6 yildan buyon parrandachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
– Parrandachilik haqiqatdan ham yetti xazinaning biri ekan. 2022 yilda 6 million 250 ming so‘mlik imtiyozli kredit olib 100 bosh tovuq boqdik. Ayni paytda tovuqlar soni 500 boshdan oshib ketdi. Har kuni 400-450 dona tuxum olyapmiz. Ularga beriladigan ozuqa ham o‘zimizdan chiqadi.

Tuxumlarni qishlog‘imiz aholisidan tashqari qo‘shni Shofirkon, Peshku tumanlaridagi mijozlarimiz sotib olishadi. Daromaddan “Damas” rusumli avtomashina ham oldik. Shu bilan birga, to‘rt sotix yerga kartoshka, sarimsoqpiyoz ekamiz. Mehnat qilsangiz rohatini ko‘rasiz, – deydi Anvar Gadoyev.

Ma’lumotlarga qaraganda, jahon bo‘yicha qoramol go‘shtidan ko‘ra parranda go‘shtini yetishtirish ko‘proq rivojlanmoqda. Buning yana bir muhim jihati bor. Parranda yil davomida tuxum beradi, tez fursatda go‘shtga yetiladi. Aholi orasida parhez parranda go‘shtga bo‘lgan talabning oshishi sababli sohaga qiziqish tobora kuchaymoqda.
Zarif Komilov, O‘zA