Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yetti xazinaning biri: posangida foyda va zarar
17:28 / 2018-10-04

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 2017-yilda 6,6 milliard dona tuxum va 170 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarildi. Ayni paytda 71 million dona parranda parvarishlanmoqda


Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 2017-yilda 6,6 milliard dona tuxum va 170 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarildi. Ayni paytda 71 million dona parranda parvarishlanmoqda.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda parrandachilik sohasi bugun qay ahvolda? Parranda goʻshti va tuxumining inson organizmiga taʼsiri haqida mutaxassislar fikri qanday? Biz shu kabi savollarga javob topish maqsadida “Parrandasanoat” uyushmasi kengashi raisi Yashin Abdurazzoqov bilan suhbatlashdik.

– Oʻzbekiston sharoitida tuxum va goʻsht yoʻnalishidagi qaysi zotlar yaxshi samara beradi? Parrandachilik bilan shugʻullanish uchun eng avvalo nimalarga eʼtibor qilish kerak?

– Oʻzbekistonga birinchi marta 1992-yilda Germaniyadan lomann parranda zotlari keltirilgan boʻlib, hozirda bozorni 50 foizi shu zotdan iborat. Yana dikalb, xayseks, bovans (Niderlandiya), xay-layn (AQSH), novogen (Fransiya) nomli parranda krosslaridan keng foydalanilmoqda. Bu tovuqlar uy sharoitida bir yilda 250-280 donagacha, sanoatda esa 330-350 donagacha tuxum beradi. Goʻsht yoʻnalishida ross (Buyuk Britaniya), xabbard (Fransiya), kobb (AQSH) krossi sharoitimizga yaxshi moslashgan. Bunday chatishgan joʻjalarning tirik vazni 38-42 kunlikda 2,4-2,7 kilogrammga yetadi. 1 kilo parranda yetishtirish uchun 1,7 kilo ozuqa sarflanadi.

– Bozorlarni kuzatsak, tovuq goʻshti va tuxumi serob. Xaridori ham kam emas. Ayni vaqtda tuxum eksportga chiqarilayotgani haqida ham eshitib qolamiz.

– Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Sogʻliqni saqlash vazirliklari ishlab chiqqan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha bir kishiga yillik isteʼmol normasida parranda goʻshti 14 kilogrammdan ortiqroq, tuxum miqdori 215 donadan ziyod etib belgilangan. Biz xalqimizning talabiga yarasha mahsulot yetkazib beryapmiz. Bozorlarda moʻl-koʻllik taʼminlanmoqda. Ichki isteʼmol bozoridan ortgani esa eksport qilinayotir.

d96011f7-191e-4a8e-bdf9-9071eb629bc3.jpg

Oʻtgan yili 17 million dollarlik tuxum eksport qilingan edi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida esa 108 million dona tuxum Afgʻoniston, Tojikiston kabi davlatlarga yetkazib berildi.

– Demak, talabga nisbatan koʻproq mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bu jarayonda tizim korxonalarining zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangani, modernizatsiya ishlari qanchalik ahamiyatga ega?

– Albatta, modernizatsiya ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Masalan, “Agalik – Lomann parranda” qoʻshma korxonasida 1996 yildan buyon Germaniyaning “Myoller” kompaniyasining texnologik anjomlaridan foydalanilmoqda. “Samarqand parranda” qoʻshma korxonasi, “Toshkent parranda” va “Buxoro parranda” jamiyatlarida Ukraina-Rossiyaning “Texna”, “Oʻrtachirchiq parranda” va “Maroqand parranda”da Germaniyaning “Xelmann”, “Sharq bahodiri”da Germaniyaning “Salmet” kompaniyalari texnologik anjomlaridan foydalanilmoqda. Shuningdek, Belgiya, Ispaniya, Italiya kompaniyalarining ilgʻor texnologik anjomlari zamonaviy talablarga javob beradi. Eron, Turkiya va Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan parrandachilik texnologik anjomlariga ham talab ortmoqda.

– Xalq orasida joʻjalarni tezroq semirtirish uchun ularga turli qoʻshimchalar, garmonlar berilayotgani haqidagi gap-soʻzlar koʻpayib bormoqda. Sizningcha, bu fikrlarda qanchalik haqiqat bor?

– Zamonaviy parrandachilikda joʻjalarni oʻstirish va tezroq semirtirish, kelajakda tuxum berishi koʻpayishi uchun ularga turli ozuqa qoʻshimchalari berilishi haqiqatda bor narsa. Masalan, bugʻdoy doni, makkajoʻxori doni, soya shroti, kungaboqar shroti, oʻsimlik yogʻi, osh tuzi, aminokislotalardan lizin va metionin, chigʻanoq, monokalsiy fosfat, vitaminli-mineral premikslari qoʻshiladi. Ular ozuqa tarkibiga kerakli miqdorda (meʼyorda) qoʻshiladi. Donlarni boyitish uchun vitaminlar (A, Ye, D, V guruhi, RR va boshqalar) va mineral moddalar (ozuqabop ohak, chigʻanoq, mayda toshlar, mono-, di-, trikalsiy fosfatlar va boshqalar) qoʻshimcha ravishda qoʻshiladi.

Garmonlarga kelsak, yurtimizda ular ishlab chiqilmaydi, chetdan keltirish esa juda qimmatga tushadi. Parrandachilar xohlasa ham olib kelib qoʻsha olmaydi. Chunki, mahsulot tannarxi juda oshib, iqtisod jihatdan oʻzini qoplamaydi. Parrandachilikda hech qanday GMOga hojat yoʻq.

– Koʻpchilik tuxumda xolesterin moddasi biroz koʻpligi tufayli ishlatishda ehtiyot boʻladi. Biroq, tovuq goʻshti parhezbop degan tushuncha ham keng ommalashgan. Bu borada sizning fikringizni bilmoqchi edik?

– Olimlar olib borgan ilmiy tadqiqotlarda qon plazmasida xolesterin miqdorini tuxum emas, balki toʻyinmagan yogʻlar oshirishi aniqlangan. Yaʼni jigarda toʻyinmagan yogʻlar xolesterin moddasiga yengil oʻtib ketadi. Tuxum sarigʻidagi letsitin xolesterin moddasini meʼyorda ushlab turishga yordam beradi. Bundan tashqari unda xolin bor. Xolin moddasi qon-tomir tizimini va aqliy faoliyatni meʼyoriy ishlashi uchun zarur boʻlib, jigarda xolesterin va yogʻlarni toʻplanishiga toʻsqinlik qiladi.

Tovuq goʻshtining foydali xususiyatlari toʻgʻrisida koʻpchilik yaxshi biladi. Tovuq son va koʻkrak goʻshti har doim mol goʻshtidan afzalroq hisoblangan. Turli davlatlarda parranda goʻshtidan oʻz uslubida taom tayyorlanadi. Lekin uni faqatgina boqish usuli oson boʻlganligi uchun emas, balki tovuq goʻshti oʻta foydali boʻlganligi uchun ham qadrlashadi.

Axir, tovuq goʻshti tarkibida barcha aminokislotalar, shaxsiy toʻqimalarimiz uchun qurilish materiallari juda koʻp. Tizza boʻgʻimlari ogʻrigʻi azob berayotgan boʻlsa, tarkibida kollagen va elastin oqsillari boʻlgan tovuq panjalarini isteʼmol qilish foydali.

Parhezda oʻtirganlar va qon-tomir kasalliklari muammolari bor insonlarga tovuq goʻshtini haqiqiy najot deyish mumkin. Inson tovuq goʻshtidan semirib ketmaydi, shu bilan birga u juda oson hazm boʻladi.

– Baʼzida bolalarga tuxum kuchlilik qiladi deymiz. Aslida bitta tuxumning toʻyimliligini nimaga solishtirsak boʻladi?

– Butun dunyo diyetologlari tovuq tuxumini eng mukammal tabiiy mahsulot deb hisoblashadi. Bolalar organizmi uchun zarur boʻlgan barcha kompleks oziq-ovqat moddalari mavjudligi bilan tuxum boshqa mahsulotlardan ajralib turadi.

Bitta tuxum 200 gramm sut va 50 gramm goʻsht oʻrnini bosadi. U organizmda 97-98 foiz hazm boʻladi. Muhimi ichaklarda kerak boʻlmagan shlaklar paydo qilmaydi. Toʻyimli ovqat turiga kirsa ham, semirtirmaydi.

Tuxum tarkibida kalsiy miqdori koʻp boʻlganligi sababli, uni isteʼmol qilib yurgan insonning suyak va boʻgʻimlari mustahkam boʻladi. Shu bilan birga qon-tomir kasalliklarining oldini oladi. Tuxum qon ishlab chiqarish organlariga ijobiy taʼsir qilib, asab tolalarini himoya qiladi, shuningdek, tashqi muhit salbiy taʼsirini yengib oʻtishga yordam beradi. Kishining immun tizimiga va ishlash qobiliyatiga ijobiy taʼsir etadi, organizmning qarish jarayonini oldini oladi. Tuxum arterial bosimni normallashtiradi, oʻpka ishini yaxshilaydi hamda onkologik kasalliklarni rivojlanishini kamaytiradi.

– Aholini yanada sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida “Parrandasanoat” uyushmasi kelgusida qanday loyihalarni amalga oshirish niyatida?

– Kelgusida ushbu sohani yanada rivojlantirish, parrandachilik korxonalarini modernizatsiya qilish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada koʻpaytirish borasida juda koʻp loyihalarni bajarish moʻljallanmoqda. Misol uchun, eng avvalo sohani ilmiy asosda jadal rivojlantirish maqsadida Qibray tumanidagi “Toshkent parranda” jamiyati negizida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlab dudlangan, quritilgan, suyultirilgan, qadoqlangan va boshqa isteʼmol uchun turli assortimentlarda yarim tayyor ovqat tayyorlash sexlarini ishga tushirmoqchimiz. Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Amu-Agro”, Namangan viloyati “Uychi parranda”, Samarqand viloyati “Siyob Shavkat orzusi”, Sirdaryo viloyati “Guliston parranda” va Toshkent viloyati “Saxovat broyler” jamiyatlarida tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Tovuqlarni koʻpaytirish bilan bir qatorda kurkachilik, gʻozchilik, oʻrdakchilik, bedanachilik va tuyaqushchilik yoʻnalishiga ham eʼtibor qaratmoqchimiz. Qoʻshimcha ravishda 187 ming dona kurka, 12 ming dona gʻoz, 45 ming dona oʻrdak, 42 ming dona bedana va 250 dona tuyaqushni parvarishlash uchun 43 xoʻjalik tashkil etib, 120 ta ish oʻrni yaratmoqchimiz.

“Halol” standarti boʻyicha parranda mahsulotlarini “Halol” brendi bilan chet davlatlarga eksport qilish eng muhim loyihalarimiz sirasiga kiradi.