FOTOREPORTAJ
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda boks bo‘yicha jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
Yarim final janglari omadli boshlandi. Hamyurtlarimiz orasida -54 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Oybek Jo‘rayev final yo‘llanmasi uchun kechgan jangda rossiyalik Dmitriy Dvali ustidan chiroyli g‘alabaga erishdi.
-67 kg vazn toifasida bokschimiz Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev finalchilar qatoriga o‘z nomini qo‘shib qo‘ydi. Mo‘g‘ulistonlik Misheyelt Battumur bilan jang qilgan bokschimiz ishonchli tarzda bahsni o‘z foydasiga hal qildi va finalga yo‘l oldi.
A’loxon Abdullayev uchun ushbu musobaqa yakunlandi. Hamyurtimiz yarim finalda braziliyalik Vanderley Pereyraga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa ham, 19 yoshida debyut chempionatidayoq shohsupaga ko‘tarilishi ulkan yutuq hisoblanadi.
Terma jamoamiz safida yana bir bokschimiz bronza medaliga ega bo‘ldi. -92 kg vazn toifasida yangi nomlardan biriga aylangan Lazizbek Mullojonov final ostonasida rossiyalik Muslim Gadjimagomedovga imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, o‘tgan dunyo birinchiligida chorak finalda ishtirokini yakunlagan farg‘onalik bokschimiz bu gal sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) faoliyatida ikkinchi bor jahon chempionatining final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hozirgina yakunlangan yarim final jangida yurtdoshimiz ispaniyalik Martin Molinadan ustun keldi.
Serbiyada o‘tgan jahon chempionati finalchisi Abdumalik Xalokov (-57 kg) Toshkent mezbonlik qilayotgan dunyo birinchiligida ham chempionlik uchun jang qiladigan bo‘ldi. Yurtdoshimiz yarim finalda qirg‘izistonlik Munarbek Seitbekdan ustun keldi.
O‘zbekiston terma jamoasi -63.5 kg vazn toifasida ham finalga yo‘l olmoqda. Ushbu vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Ruslan Abdullayev yarim finalda Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori armanistonlik Xovxannes Bachkovni mag‘lubiyatga uchratishga erishdi.
-71 kg vazn toifasidagi bokschimiz Saidjamshid Jafarov ham finalchilar qatoriga qo‘shildi. Bu gal braziliyalik Vanderson de Oliveyra buxorolik yigitimizning zarbalari oldida ojiz qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, +92 kg vazn toifasida Bahodir Jalolovga qarshi jang qilishi ko‘zda tutilgan ispaniyalik Ayub Gadfa Drissi ringga chiqmasligini bildirgan. Shu tariqa, Jalolov to‘g‘ridan to‘g‘ri finalga yo‘l olmoqda!
[gallery-11856]
Shunday qilib, bugungi janglardan so‘ng, yetti nafar bokschimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ikki nafar bokschimiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Jahon chempionati bahslari 14 mayga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA