Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeTTB Samarqand anjumanida manfaatli kelishuvlarga erishildi
17:53 / 2023-05-19

Samarqandda 16-18 may kunlari bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi muhim voqealarga, tomonlar uchun birdek manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi.

Iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya sohasi ekspertlari hamda tahlilchilari anjuman ishiga yuqori baho berdi. Kelishuvlar istiqbolda yuqori natijalar berishiga ishonch bildirdi.

[gallery-11950]

[gallery-11921]

Quyida ularning ba’zilari bildirgan fikrlarni havola qilamiz.

Akmal ISMOILOV –  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti:

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘ttiz ikki yillik tarixga ega. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 6 ming 500 dan ortiq loyihalarni amalga oshirmoqda. Mamlakatimiz ushbu bank bilan, asosan, iqtisodiy sohada hamkorlik qilmoqda. Bu bank Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi mamlakatimizda o‘tkazilishi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Anjuman doirasidagi uchrashuv va biznes-forumda rivojlangan davlatlarning yuqori davlat amaldorlari, moliya sohasi rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida e’tibor qaratilgan mavzularga ahamiyat beramiz. Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga sarmoya kiritish, xalqaro savdoni rag‘batlantirish, energiya xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, raqamlashtirishni jadallashtirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar bugungi kunda dolzarb sanaladi.

 Mate JORDAN-TANK – Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Barqaror infratuzilma, siyosat va loyihalarni tayyorlash bo‘yicha direktori:

– Anjuman doirasidagi sessiyalarda sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida qator yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilindi. Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda tegishli vazirliklar bu borada muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, Farg‘ona va Samarqanddagi ellikdan ortiq umumta’lim maktabiga yuqori standartlarni joriy etish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Yangi quriladigan bu maktablarda “yashil bino” me’yorlari joriy etiladi. Ularni bunyod etish uchun korxonalar xalqaro tenderda ishtirok etadi, uzoq muddatli shartnomalar tuziladi. Istiqbolda bu ta’lim muassasalari minglab ana shunday dargohlarga namuna bo‘lishiga umid qilamiz.

Xong ZU –  “China Power International Holding Ltd” tadbirkorlik sub’ekti vakili (Xitoy):

– Markaziy Osiyo, xususan, sizning yurtingiz xorijiy investorlar uchun jozibador muhitga ega. Yevropa tiklanish vataraqqiyot bankining anjumanida Xitoyning yirik tadbirkorlik subyekti vakili sifatida qatnashdik. Anjuman doirasidagi tadbirlarda ishtirok etib, Oʻzbekistonning investitsion imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdik. Yurtingizga sarmoya kiritish fikrimiz mustahkamlandi. Bunga mavjud resurslar, olib borilayotgan xorijiy investitsiya siyosati, soliq imtiyozlari sabab boʻldi.

 Gennati TAMPIZA –  Xalqaro biznes kompaniyasi rahbari (Albaniya):

– Dunyodagi yetakchi iqtisodiy soha rahbarlari Samarqandda jam bo‘ldi. Prezidentingizning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqini tingladik. Davlat rahbari juda ko‘plab muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Biz ularning amalga oshirilishini kuzatib boramiz. Tahlillar bu borada oldingi yillarda ham samarali ishlar qilinganini ko‘rsatadi. Bu yerda yangi bozorlar paydo bo‘lmoqda, biz ularga e’tibor qaratayapmiz. Investitsion muhit bizga manzur bo‘lmoqda. Ayni paytda hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Biznes loyihalar ustida ishlayapmiz.

Kristof BAKER – “GOPA-International Energy Consultants” kompaniyasi menejeri (Germaniya):

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning kambag‘allikni qisqartirish va xalq turmushini yaxshilashga qaratilgan fikrlari e’tiborimni tortdi. Faoliyatimiz doirasida O‘zbekistonni tanlab to‘g‘ri qilganimizga yana bir karra amin bo‘ldik. Yurtingizda bir qator xalqaro kompaniyalar bilan yirik loyihalarni amalga oshiryapmiz. Bu O‘zbekiston uchun xorijiy tajribani o‘rganishda o‘ziga xos maydon vazifasini bajaradi. Bir misolni keltiraman. Germaniya qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish bo‘yicha o‘ttiz yillik tarixga, o‘ziga xos tajribaga ega. Bu tajribani keng tatbiq qilishga yurtingizda katta istak va sharoit bor. Bu tajribani o‘rtoqlashishdan mamnunmiz. Yaqin davrda mamlakatingiz bu sohada yetakchilardan biriga aylanishiga ishonamiz.

O‘zA muxbiri

Ikrom AVVALBOEV

yozib oldi.