Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeTTB: O‘zbekistonda bozor islohoti samara bermoqda
16:39 / 2024-01-31

Yaqinda “eureporter” saytida “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki: O‘zbekistonda bozor islohotlari o‘z samarasini bermoqda” nomli maqola e’lon qilindi.

Ma’lumki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning 2029 yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi yangi strategiyani ma’qulladi. Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p davlati iqtisodiy islohot ortidan sezilarli foyda ko‘rgan.

“Global pandemiya va Ukrainadagi mojaro ta’siriga qaramay, kuchli iqtisodiy o‘sish davom etmoqda”, deb yozgan siyosiy muharrir Nik Pauell.

“O‘zbekistonning 2017 yildan buyon erishgan iqtisodiy yutuqlari YeTTBda alohida taassurot qoldirdi, mamlakat qishloq xo‘jaligida ham, ishlab chiqarishda ham jadal rivojlanib borayotgani kuchli va puxta o‘ylangan siyosat tufayli” deydi muallif.

Rivojlanayotgan xususiy sektor va ayniqsa, mamlakatning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish yo‘lidagi sa’y-harakati yuqori baholangan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi strategik yondashuvi uch ustuvor yo‘nalishdagi faoliyatga asoslangan:

Birinchisi – dekarbonizatsiyani qo‘llab-quvvatlash, suv tejamkorligi va toza energiya;

Ikkinchisi – xususiy sektorni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, inklyuzivlik va raqamlashtirish formatini rag‘batlantirish;

Uchinchisi – iqtisodiy boshqaruv, biznes muhiti va infratuzilma aloqasini yaxshilash.

O‘zbekiston, to‘rtinchi yildirki, Markaziy Osiyoda YeTTB mablag‘ini o‘zlashtirayotgan yetakchi davlat hisoblanadi. Bugungi kunga qadar bank mamlakat bo‘ylab 147 loyihaga 4,28 milliard yevroga yaqin sarmoya kiritdi. Tashabbuslarning aksariyati xususiy tadbirkorlik va investitsiyani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Shuningdek, bank mamlakatimizda umumiy quvvati qariyb 900 MVtga teng uchta quyosh elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish uchun, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va aholi zich joylashgan Farg‘ona vodiysida sug‘orishga mo‘ljallangan suv ta’minoti barqarorligini yaxshilash maqsadida kredit ajratildi.

Samarqand YeTTBning “Yashil shahar” dasturiga qo‘shilgan ilk shahrimizdir va ayni payt ushbu kentda ekologik toza elektr avtobuslari ishga tushish arafasida.

Maqola so‘ngida YeTTB O‘zbekiston savdoni erkinlashtirish orqali qo‘shni davlatlar bilan munosabatni sezilarli darajada yaxshilaganini yuqori baholaganiga e’tibor qaratilgan.

O‘tkir Alimov, O‘zA