Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Fransis Malij boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqotda Moliya vazirligi mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, YeTTB rahbariyati pandemiya yumshagandan keyin ilk tashrifni mamlakatimizga amalga oshirdi. Janob Malijning e’tirof etishicha, bu holat dunyoning eng nufuzli moliyaviy tashkilotlaridan biri hisoblangan mazkur bankning O‘zbekistonga nisbatan yuksak ishonchi, alohida e’tiboridan darak beradi. Mehmonlar tuzilmaning respublikamiz bilan sherikligi bilan bog‘liq joriy holat haqida ma’lumot berarkan, ayni payt YeTTB “Asaka” aksionerlik tijorat banki va AT “Aloqabank” bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘ygani, bu yo‘lda muayyan natijalarga erishilganini qayd etdi. Hamkorlik jarayonida asosan, kreditlashtirish sifatini oshirish, narx siyosatini to‘g‘ri belgilash orqali mijozlar uchun qulay, adolatli faoliyat olib borishga urg‘u berilishini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston bank tizimini rivojlantirish istiqboli atroflicha muhokama qilindi, tomonlar tijorat banklari, xususan, “Asaka” banki va “Aloqabank”ni transformatsiyalash jarayoniga alohida e’tibor qaratdilar.
[gallery-353]
Mazkur banklarda o‘tkazilgan tahlillar natijalariga asoslanib, YeTTB mutaxassislari ushbu banklarni transformatsiyalash bo‘yicha ssenariy ishlab chiqishi qayd etildi.
Uchrashuvda YeTTB Markaziy bankning tijorat banklari kapitallashuvini oshirish, yanada ishonchli o‘sishiga erishish va iqtisodiyotning real sektorini kreditlash sifatini yaxshilash, shu jumladan, banklar kapitali tarkibiga yangi xorijiy investorlarni jalb etishga qaratilgan strategiyasini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Ayni jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshishi YeTTB O‘zbekiston bank tizimida har tomonlama va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishiga imkon beradi.
Muloqot yakunida tomonlar davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklarni xususiylashtirishga tayyorlash va transformatsiyalash yo‘nalishida samarali hamkorlik qilish fikrini ma’qulladilar. Markaziy bank rahbariyati, o‘z navbatida YeTTB bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan tijorat banklari faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda lozim bo‘ladigan har qanday ko‘mak ko‘rsatilishiga ishonch bildirdi.
G‘ayrat XONNAZAROV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA