Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeTTB kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga ko‘maklashadi
16:58 / 2019-10-31

Andijonda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining ofisi ochildi.


Andijonda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining ofisi ochildi.

Andijon shahridagi “Hamkor” biznes markazida joylashgan bank yangi ofisining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki, uning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbarlari, mutaxassislari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda YeTTB tomonidan umumiy qiymati 1,3 milliard yevro miqdoridagi 70 ta loyiha moliyalashtirilgan. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojida muhim rol o‘ynayotgan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga ma’lum darajada yordam bermoqda.

Tadbirda bank vakillari tomonidan Andijon ofisini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar xususida keng ma’lumotlar berildi.

– Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijon O‘zbekistonning eng aholi ko‘p istiqomat qiladigan hamda tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan hududi hisoblanadi, – deydi YeTTB Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va moliyalashtirish departamenti boshqaruvi direktori Klaudio Viessoli. – Qolaversa, ushbu hudud biznes borasida qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Faoliyatimiz ko‘lami imkon qadar kengroq bo‘lishini ta’minlash maqsadida viloyatlar ichida ilk ofisni aynan Andijonda tashkil etdik. Ofis hududdagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning loyihalarini moliyalashtirish, tadbirkorlarga zarur tavsiya hamda maslahatlar berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Ofisning ochilishi Yevropa Ittifoqi hamda YeTTBning Kichik biznes bilan hamkorlik fondi ko‘magida hududlarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, biznes maslahatlar berish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Mazkur dastur doirasida O‘zbekistonda yetmishga yaqin loyiha moliyalashtirilgan. Birgina 2018 yilda bank 12 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 400 million yevrolik shartnoma imzolagan. Ana shu loyihalar ichida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida shahar, energetika va suv ta’minoti infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar salmoqli o‘rin tutadi.

Ofisda samarali faoliyat yuritish uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, mutaxassislar tomonidan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xorijiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Farg‘ona vodiysi tadbirkorlariga tavsiya va maslahatlar beriladi, istiqbolli loyihalar moliyalashtiriladi.