Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeTTB bilan hamkorlik yanada kengayadi
18:16 / 2020-12-10

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Fransis Malij boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara o‘tkazdi.

Delegatsiya tarkibida shuningdek, YeTTBning Rossiya, Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha moliya institutlari guruhi direktori Gerorgiy Orlov va ushbu bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos ham o‘rin oldi.

Uchrashuv davomida joriy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Kun tartibi doirasida O‘zbekistonda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini qo‘llab-quvvatlash va kengaytirishga oid chora-tadbirlarni, ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirishga YeTTB salmoqli hissa qo‘shayotgani qayd etildi.

bugungi kunda barqaror, samarali bank tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘ymasdan turib, xususiy sektorni rivojlantirish, xorijiy investitsiya jalb etiish imkonsiz.

Shu ma’noda YeTTB pandemiya sharoitida savdo va loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha kredit liniyalari ajratish orqali mamlakatimizdagi tijorat banklarini faol qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etish joiz.

Uchrashuvda davlatning bank tizimidagi ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish maqsadida O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar izchilligini ta’minlash, zamonaviy moliyaviy texnologiya, operatsiya va xizmatlarni joriy etish maqsadida YeTTB bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqboli qayd etildi. Zero, aynan shu bilan bank tizimi samaradorligini oshirish, sohaga xususiy investorlarni jalb qilish imkoni yaratiladi. Shuningdek, mamlakatdagi bir qator tijorat banklarida davlat ulushini xususiylashtirishda YeTTB ishtiroki bilan bog‘liq aniq masalalarga e’tibor qaratildi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikni kengaytirishning bir qator istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, yangi sug‘urta vositalarini joriy etish va raqobatbardosh ekotizim yaratish maqsadida sug‘urta kompaniyalarini xususiylashtirish bo‘yicha birgalikdagi ish olib borish imkoniyati muhokama qilindi.

Qambag‘allikni qisqartirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kichik va o‘rta biznesga moliyaviy va texnik yordam hajmini oshirish shart-sharoiti o‘rganildi.

Muzokara davomida YeTTBning maxsus dasturlarini amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi sektori, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish hajmini oshirish istiqbolli ekani qayd etildi.

Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zbek tijorat banklariga YeTTBning qo‘shimcha kredit va savdo liniyalarini taqdim etish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyati ustida birgalikda ishlashga kelishildi.

Uchrashuv yakunida aniq yo‘nalishlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

O‘zA