Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeTKA: Turizm sohasida “aqlli” yechimlar joriy etilmoqda
15:55 / 2025-12-01

Toshkentda "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi turizm forumi doirasida Yevroosiyo tog‘ kurortlari ittifoqi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Soha mas’ullari, mutaxassislar va jurnalistlar ishtirok etgan ushbu tadbirda mamlakatlar o‘rtasida turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bu borada erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tildi. 

Qayd etish kerakki, Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Rossiyaning yetakchi kurortlarini birlashtirgan tashkilot hisoblanadi. U hozirgi kunda O‘zbekistondan “Amirsoy” MCHJ QK, Ozarbayjondan “Shoxdog‘” Rossiyadan “Roza Xutor”, Qozog‘istondan “Chimbuloq” va “Oq-Qarag‘ay” tog‘ kurortlarini birlashtirgan. Shuningdek, Janubiy Koreyadan “Mona Yong Pyong” kurorti ham ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha memorandum imzolagan.

Yevroosiyo tog‘ kurortlari ittifoqi bosh kotibi Andrey Kukushkin qayd etganidek, ushbu tashkilot ishtirokchi kurortlar o‘rtasida hamkorlik va ilg‘or tajriba almashish uchun platformani yaratadi. Alyansning asosiy maqsadi tog‘ turizmining barqaror rivojlanishi g‘oyalarini ilgari surish, tabiat va madaniy merosni ehtiyotkorlik bilan saqlash hamda turistik xizmatlarning sifatini, xavfsizligi va raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.

– Ta’kidlash kerakki, "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi turizm forumida ishtirok etish biz uchun hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Matbuot anjumanida tashkilotimiz Andorra davlatidagi “Grandvalira Resorts” Yevropa tog‘ kurortlari tarmog‘i bilan hamkorlik boshlaganini e’lon qildik. Rejalar haqida gapiradigan bo‘lsam, ularning barchasi belgilangan jadvalga muvofiq amalga oshirilyapti. Eng muhimi, sheriklarimiz va texnik mutaxassislar g‘oyalarimizning real hayotga mosligini yuqori baholamoqda. Sohada raqamlashtirish jarayonlari jadal olib borilmoqda. Bu orqali ski-pass (elektron ruxsatnoma) egalari uchun imkoniyatlar hajmini sezilarli darajada kengaytiryapmiz. Shu bilan birga, davlatlarimiz o‘rtasida yagona xalqaro turistik marshrutni shakllantirish yo‘lida ham muhim qadam qo‘yilmoqda, – dedi A.Kukushkin.

Matbuot anjumanida ittifoq a’zolari o‘tgan vaqt davomida erishgan yutuqlari va galdagi rejalari xususida taqdimotlar o‘tkazdi.

“Roza Xutor” tog‘ kurortining xalqaro aloqalar va turizm bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari Sergey Xvorostyanыy so‘zlariga ko‘ra, mazkur sayyohlik maskani 2014 yilgi Sochi olimpiya o‘yinlari merosining muvaffaqiyatli davomi bo‘lib, bugungi kunda Rossiyadagi eng rivojlangan va barqaror faoliyat yurituvchi turistik markazlardan biriga aylangan. Kurortda 105-110 kilometrlik chang‘i trassalari, 52 ta trasa, 22 ta mehmonxona va 32 ta kanat yo‘li mavjud. Bu infratuzilma “Roza Xutor”ni yil davomida faol ishlaydigan va har yoshdagi mehmonlar uchun qulay maskanga aylantirgan.

Matbuot anjumani yakunida mutaxassislar jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA