Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida viloyatda ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.
Ushbu masala yuzasidan axborot bergan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Ochilovning aytishicha, viloyatda vasiylik va homiylik organlari hisobida 18 yoshgacha bo‘lgan 5148 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hisobga olingan. Ularning 2912 nafariga vasiylik, 998 nafariga homiylik tayinlangan. 1209 nafari farzandlikka, 29 nafari oilaga tarbiyalash patronatga berilgan.
bugungi kunda 99 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi mavjud. Ularning 59 nafari (Samarqand shahrida 45, Jomboyda 4, Payariqda 3, Bulung‘ur va Urgutda 2 nafar, Narpay, Pastdarg‘om, Toyloqda 1 nafardan) amaldagi tartibda uy-joyga muhtoj sifatida tuman (shahar) hokimliklarida navbatga olingan, qolgan 40 nafarining hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.
X.Ochilov yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator takliflarni ham bildirdi.
Viloyat Kengashi deputati G.Qo‘chqorova ota-onasiz, yetim qizlardan birini o‘z qaramog‘iga olib, kasb-hunar o‘rgatish, uy-joy bilan ta’minlash tashabbusini bildirdi. Yana bir deputat H.O‘roqov ham bir nafar tarbiyalanuvchi uchun uy-joy qurib berishini aytdi.
G‘.HASANOV, O‘zA