Yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar yarashadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan hayotbaxsh g‘oyaning jamiyatimizda keng quloch yoyishi natijasida mamlakatimizning xalqaro obro‘-e’tibori yildan yilga yuksalib bormoqda.
Bu, yaqinda yakunlangan Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, yurtimiz para sportchilari 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallashi mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida, xususan paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlarda o‘z aksini topdi.
Hech bir g‘alaba o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Buning uchun eng avvalo, sharoit va imkoniyat kerak. Bir vaqtlar yetib bo‘lmasdek tuyulgan katta orzular haqiqatga aylandi.
Esimda, bundan o‘n yillar muqaddam para sport turlarini rivojlantirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, imkoniyati cheklangan insonlarga keng imkoniyatlar yaratish masalasi jismoniy tarbiya va sport harakatining eng pastki bo‘g‘inida edi.
Birov para sport turlarini rivojlantirish, nogiron bo‘lsa-da qalb qo‘rini sportga bag‘ishlashga ishtiyoqmand yoshlarga sharoit yaratib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga u qadar qiziqmasdi ham.
Oqibatda yuzlab dili o‘ksik shunday yoshlar turmush tashvishlarining turli qatlamlarida boshqa yo‘llarga kirib ketishiga, jamiyatdan, odamlardan ajralib qolishiga, ko‘nglida norozilik kayfiyati bilan yashashga mahkum edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yilning 15 oktyabrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi, 2021 yili “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ushbu soha rivojida juda katta yangilik bo‘ldi.
Bundan 5-6 yil muqaddam yurtimizda 4-5 tagina paralimpiya sport turlari rivojlangan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 10 tadan oshdi. Bundan tashqari, joriy Parij-2024 o‘yinlari oldidan 7 tadan oshiq yangi paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi. Xususan, ko‘zi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar o‘rtasida para stol tennisi, 5x5 futbol, gandbol, para yengil atletika, para pauerlifting, para badminton, shaxmat va boshqa sport turlarini ommalashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqdaki, bu, Fransiya sport maydonlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarda o‘z aksini topdi.
[gallery-19254]
Raqamlarga e’tibor qaratsak, bundan uch yil muqaddam kun chiqar yurt Yaponiyada o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimizning irodali para sportchilari 170 taga yaqin davlatlar orasida 16-o‘rinni egallagandi. Bu safar Parijda poyoniga yetgan o‘yinlarda 13-o‘rin. Demak, O‘zbek para sportida o‘sish va yuksalish yuz bermoqda.
Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning irodali para sportchilari umumjamoa hisobida Osiyo davlatlari orasida Xitoy va Yaponiyadan keyin 3-o‘rinni, Markaziy Osiyo, MDH, Islom davlatlari va Turkiy davlatlar tashkilotlari orasida 1-o‘rinni band etdi.
Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston tarixida ilk bor 11 nafar ayol sportchilarimiz medal qo‘lga kiritdi. Para taekvondochilarimiz Buyuk Britaniya va Turkiya bilan birgalikda umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi.
Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar jamoamiz medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida AQSHdan keyin 2-o‘rinni egalladi.
Para o‘q otishdagi merganimiz 46 yoshli Server Ibragimov O‘zbekiston tarixida eng yoshi katta Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan sportchiga aylandi.
15 yoshli Shohinaxon Yigitaliyeva O‘zbekiston va dunyo tarixida para yengil atletika bo‘yicha eng yosh paralimpiya o‘yinlari sovrindori nomini qo‘lga kiritdi.
Husniddin Norbekov Paralimpiya o‘yinlarining uch karra, Bobirjon Omonov va Sherzod Nomozov Paralimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi, Asila Mirzayorova, Mohigul Hamdamova, Elbek Sultonov, Uchqun Quranboyev, Karomatov Dovurxon, Guljanoy Naimova, Ro‘za Qo‘ziyeva va Server Ibragimov Paralimpiya o‘yinlarining ikki karra sovrindori sifatida sharaflandi.
Ayni raqamlarni yana davom ettirish mumkin. Lekin, 17 yoshli Ruxshona O‘ktamova 114 kg natijasi bilan yoshlar o‘rtasida jahon rekordini yangilaganligi, Asila Mirzayorova 5.24 metr natijasi orqali Paralimpiya o‘yinlarida 28 yil avval ispaniyalik sportchi tomonidan qayd etilgan 5.07 metr rekord natijani 17 sm farq bilan o‘zgartirganligi, shuningdek, Bobirjon Omonov, Husniddin Norbekov, Nurxon Qurbonova, Yorqinbek Odilov, Shohinaxon Yigitaliyeva o‘rnatgan rekordlar, yangi marralar xalqaro paralimpiya harakatining yangi zarvarag‘i bo‘lib tarixga bitilganligi yangi g‘alabalarimiz bo‘lganligidan har qancha g‘ururlansak arziydi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, endi dunyoning mana man degan sportchilari O‘zbek sportchilari, ular zabt etgan yuqori nuqtalarni ko‘zlab, ular bilan bo‘ylashish, ulardek matonatli va irodali bo‘lish uchun izlanadi, shaxdu shijoat ko‘rsatadi.
Bunday yutuqlar ortida so‘zsiz tinimsiz mehnat, tizimli tarzda o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulotlar, e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam, albatta. Qolaversa, zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ular o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini yanada oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan maxsus “Yo‘l xaritasi” asosida, o‘tgan yillar davomida paralimpiya sport turlarining 13 tasini qamrab olgan “Parij sari yo‘l” seleksion musobaqalar hamda “Yangi imkoniyatlar sari” para sport festivallarining tizimli tarzda tashkil etilganligi yutuqlarga poydevor bo‘lganligini e’tirof etmoq joiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA