O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi muassisligidagi “Yoshlar oromgohi” dam olish maskanida Toshkent shahar hokimligi, DXX hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida poytaxtimiz mahallalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ochilish marosimida yoshlar yetakchilariga zamonaviy planshetlar topshirildi.
Yoshlar yetakchilarining bilim ko‘nikmalarini oshirish, yangi joriy etilgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan seminarda 579 ta mahalla yoshlar yetakchisi navbatma-navbat mashg‘ulotlarga jalb etilmoqda. Xususan, treningning birinchi bosqichida dastlab 6 ta tumandan 218 nafar yetakchi ishtirok etib, 3 kunlik maxsus seminarlarda faol ishtirok etdi.
O‘quv-seminarlarda yetakchilarga mutaxassislar tomonidan “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, mahallalalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash reyting shakli, “Yoshlar daftari” platformasini yuritish mazmun-mohiyati, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari hamkorligining asosiy yo‘nalishlari, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari va yoshlar yetakchilari faoliyatini baholash omillari to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar psixologlar treninglari, kino va roliklar namoyishi, loyiha va tadbirlarni tashkil etish sirlari, notiqlik madaniyatini oshirish, taym-menejment, loyihalash, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi, internet xurujining oldini olish, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) hamda yoshlar yetakchilari faoliyati natijalari hamda madaniy dasturlarni o‘z ichiga olgan.
Mashg‘ulotlar 18 martgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA