French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yeryong‘oqning xususiyatlarini bilasizmi?
17:46 / 2024-03-04

Ma’lumotlarga ko‘ra, yeryong‘oqdan yog‘ olinadi va qovurib qandolat mahsulotlari ham tayyorlashda ishlatiladi. Inson yong‘oqni me’yorida iste’mol qilish miya faoliyatini rag‘batlantiradi. Uning tarkibida inson salomatligiga foydali bo‘lgan antioksidantlar, kaliy va kalsiy, magniy, mis va marganes mavjud. Shuningdek, u yengil hazm bo‘ladi va yurak-qon tomir kasalliklarida juda foydali.

O‘tgan yil Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligida dukkakli ekinlar ekilgan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha olingan daromad 15-20 million so‘mni tashkil etdi. Ayniqsa, bunda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan mosh, loviya va yeryong‘oq yetishtirish salmog‘i ancha ortgan. 

Xususan, O‘rta Chirchiq tumani “Yangilik” mahallasida yashovchi oilaviy tadbirkor Zohid Rahmonqulov o‘n yildan buyon yeryong‘oq yetishtirish bilan shug‘ullanadi. U dehqon xo‘jaligiga qarashli 15 gektar maydonda yeryong‘oq yetishtiradi. Shu bilan birga, mahalladagi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni ham ulgurji narxda sotib oladi. Bu mahsulot asta sekin O‘rta Chirchiq tumanining savdo brendiga aylanmoqda. 

– Aslida yeryong‘oq juda ko‘p suv talab qilmaydi, – deydi Z.Rahmonqulov. – Uning hosili kuz faslida pishib yetiladi va yig‘ib olingan paytda yong‘oqlar tarkibidagi namlik 35-60 foiz atrofida bo‘lishi lozim. Hosilni quritish uchun havo yaxshi aylanadigan binolarda 8-10 santimetr qalinlikda yoyiladi. Vaqti-vaqti bilan joyida aylantirib turish lozim. Shu bilan birga, o‘simlikning poyasi chorvachilikda to‘yimli ozuqa hisoblanadi. 

Ayni paytda tadbirkor xonadonidagi kichik korxonada haftasiga 7-10 tonna yeryong‘oq qayta ishlanib, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilinadi. Hozircha 10 nafar mahalla aholisi ish bilan ta’minlangan. Ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida, mahalladagi hokim yordamchisi Anvar Xonto‘rayevning tavsiyasi bilan yaqindagina 100 million so‘mlik kredit ajratildi. Kelgusida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tuman darajasida yanada rivojlantirish rejalashtirilgan. 

A.Musayev,O‘zA.