Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining qidiruv shu’basi inspektorlari tomonidan olib borilgan navbatdagi tadbir davomida otalik mas’uliyatini allaqachon unutib qo‘ygan, farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab yurgan qarzdor ota yashash xonadonining “yerto‘la”sidan topildi.
Chortoq tumanida yashovchi fuqaro M.M. ma’lum sabablarga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib ketadi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan, undiruvchi V.N. foydasiga bir nafar farzandi uchun har oyda aliment to‘lash belgilanadi.
Mazkur hujjat Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro harakatlari olib borilgan. Qarzdor ota alimentni to‘lamaslikni o‘ziga “kasb qilib”, voyaga yetmagan bolasi uchun pullarini qizg‘andi. Bu orada qarzdorlik miqdori 20 million so‘mdan ortdi.
Ustiga ustak ishlash u maqsadida Toshkent shahriga borib, “berkinib” yurdi. Oqibatda unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilindi.
MIB viloyat boshqarmasi inspektorlari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birga qidiruv ishlarini olib bordi. Bu natija berib, otaning poytaxtdan o‘z uyiga qaytganligi ma’lum bo‘ldi. Lekin xodimlar olingan tezkor ma’lumotlarga qaraganda, yashash xonadoniga borishganda, oila a’zolari uning kelmaganini bildirishdi. Noiloj, xonadon yashash joylari puxta ko‘zdan kechirilganda, ota “yerto‘la”ga yashiringani aniqlandi.
Belgilangan tartib bo‘yicha qidiruvdagi shaxs davlat ijrochiga topshirildi. Tuman sudi tomonidan qarzdorga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri