Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerning elektron bazasi yaratilmas ekan, sohadagi qonunlarning ijrosi kutilganidek bo‘lmaydi
18:03 / 2021-07-05

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

 Deputatlar dastlab “Uy-joy kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlatning uy-joy siyosati butkul o‘zgarib, bu borada yangicha yondashuv va mexanizmlar ishlab chiqildi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyalanmagan va kam ta’minlangan toifalarining uy-joy huquqlarini kafolatlashga qaratilgan bir qator yangiliklar kiritildi. Ammo amaldagi qonun normalari bugungi kun talablariga to‘liq javob bermay qoldi va shu bois yangi tahrirdagi Uy-joy kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.  

 Fraksiya a’zosi O‘ktam Ismoilov ushbu qonun loyihasi haqida to‘xtalar ekan, qancha yer xususiy sektorga berib yuborilgani yoki bugun qishloq xo‘jaligida qancha yerdan foydalanilayotgani bo‘yicha hamon aniq hisob-kitob yo‘qligi, ya’ni elektron baza yaratilmaganiga e’tiroz bildirdi. Yerning elektron bazasi yaratilmas ekan, sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarining ijrosi kutilganidek bo‘lmasligini ta’kidlab, yangi qonun loyihasida shu masalalar aniq aks etishi lozimligini bildirdi.  

 Yig‘ilishda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishi ta’minlanadi va davlat nazorati o‘rnatiladi. Davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning bu boradagi qonun hujjatlariga rioya etishdagi mas’uliyati oshadi, qurilishga tadbirkorlik sub’ektlarini yanada keng jalb qilishga erishiladi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshiriladi.  

 Deputatlar ushbu qonun loyihasining bugungi kundagi ahamiyatini e’tiborga olib, uni birinchi o‘qishda ma’qulladi. Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.  

 Ma’lumotlarga ko‘ra, qasddan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holati 2018 yilda 480 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda 535 taga yetdi. Tovarlar narxi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqini naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bo‘yicha to‘lash shakliga qarab ularni sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish qonunbuzarligi uchun BHM 30 baravari miqdorida jarima solinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, 2018 yilda 711 ta, 2019 yilda 858 ta, 2020 yilda 2 ming 349 ta, 2021 yilning dastlabki 3 oyida esa 1 ming 1 ta holatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.  

 Mazkur qonun loyihasida soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash, firibgarlik sxemalarini qo‘llash uchun javobgarlik choralarini yanada kuchaytirish, soliqqa oid ayrim qonunbuzarlik ishlarini ko‘rishni suddan soliq idoralariga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qonunbuzarlik bo‘yicha ish yuritishning elektron tizimi yaratilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida tegishli qonunlarda javobgarlikka tortishga oid normalar belgilanishi ta’minlanadi. Eng muhimi, soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni yuritishda inson omili kamaytirilib, uning shaffofligi ta’minlanadi, davlat soliq xizmati organlarida korrupsiya holatlari hamda ma’muriy xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.  

 Ushbu qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Fraksiya a’zosi Umid Jabborov shu paytgacha faqat oqibat bilan kurashib kelingani, endi sabablar bilan ham shug‘ullanish kerakligini ta’kidlab, tadbirkorlardan nazorat kassa mashinalarga xizmat ko‘rsatishda har oyda ortiqcha to‘lovlar talab qilinayotgani hamda kichik do‘konlar bilan yirik savdo shoxobchalariga solinayotgan jarimalar miqdori bir xil qilib belgilanganiga e’tiroz bildirdi.  

 Yig‘ilishda bildirilgan fikr-mulohaza va takliflardan so‘ng mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.  

 Muhtarama Komilova, O‘zA