Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan aprel-may oylari davomida viloyatda 310 ta holatda jami 254,6 gektar yer maydonlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.
Qonun buzilishlari O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 4 martdagi “Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldi.
Shundan, 124 ta holatda 11,8 gektar uy-joy, 28 ta holatda 0,9 gektar noturar-joy binolari qurish, 9 ta holatda 2,25 gektar ko‘p yillik daraxtzorlar barpo etish va 149 ta holatda 240,6 gektar boshqa maqsadlarda foydalanish uchun egallab olish holatlari qayd etilgan.
Qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish maqsadida 310 ta sub’ektga egallab olingan yer uchastkalari va noqonuniy qurilgan qurilmalarni ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berildi. Shundan bugungi kunga qadar 160 ta huquqbuzarlik holati joyida bartaraf etildi. 5 ta holat yuzasidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Bundan tashqari, yer va kadastr nazorati tizimida kadastr organlari xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar jarayonida joriy yilning aprel-may oylari davomida 207 nafar huquqbuzarga nisbatan jami 1 milliard 878 million 120 ming so‘m jarima qo‘llanilgan va 83 nafar huquqbuzardan 158 million 960 ming so‘m mablag‘ davlat foydasiga undirilgan.
151 ta holatda 2 milliard 67 million 788 ming so‘m mablag‘ni undirish majburiy ijroga qaratildi va 9 ta holatda 26 million 730 ming so‘m undirilishi ta’minlangan.
Yuzlab gektar yer maydoniga sarflangan xarajat, qilingan mehnat zoye ketmasligi mumkin edi. Agar shu yerlar yashirincha emas, balki amaldagi qonunlarimizga rioya qilingan holda o‘zlashtirilganida. Yerni o‘zboshimchalik bilan egallash qonunlarni buzishdir.
A.Qayumov, O‘zA