Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerni noqonuniy egallashning oqibati yaxshi bo‘lmaydi
15:59 / 2024-05-07

Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasida "Dolzarb 40 kunlik" loyihasi e’lon qilinib, yer nazorati ishlari yanada faollashdi. Yaqin muddatlarda tasdiqlanishi kutilayotgan aksiyada hujjatlashtirish maqsadida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar aniqlanib, qonunbuzilish holatlariga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda.

– Bu jarayonda kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosi ta’minlanib, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligi oshirilayotir, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Menglimamat Abdiraxmanov. – Viloyatda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona hamda samarali foydalanishni targ‘ib qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. Shunga qaramasdan viloyatda yerlardan noqonuniy foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchrayotgani achinarlidir. Jumladan, boshqarma hamda tuman, shahar bo‘limlari joriy yilning o‘tgan 3 oyida 541 ta holatda 91,25 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, ularning ma’lum qismiga noqonuniy qurilmalar qurilganini aniqladi.  

Tahlillarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 91,25 gektar yerning 74,43 gektari qishloq xo‘jaligiga, 4,75 gektari aholi punktlariga, 7,04 gektari suv fondi, 0,78 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik obyektlarga, qolgan qismi esa boshqa turdagi yerlarga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.  Bu yerlarning 348 tasi uy-joy qurish, 109 tasi noturar joy barpo etish, 84 tasi esa boshqa maqsadlarda egallab olingan. Yer munosabatlari bilan bog‘liq duch kelingan 541 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha uni sodir etgan shaxslarga qonunbuzilishlarni ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari, ko‘rsatmalar yuborilib, 293 tasi bartaraf etildi. Masalan, Kadastr agentligining Oltinsoy tuman bo‘limi inspektorlari tumanning Bobur massivi hududida yashovchi fuqaro hech qanday huquqiy hujjatlarsiz "Soatova Imona" fermer xo‘jaligiga tegishli 419-dala konturidagi yer maydonidan 80 kvadrat-metr o‘lchamda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirayotganini aniqladi. Holat yuzasidan fuqaroga MJTKning 60-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan yer qonunbuzarlik sodir etganligi sababli ma’muriy jarima qarori qabul qilinib, 15 kun muddatda qonunbuzilishni ixtiyoriy bartaraf etish uchun rasman ogohlantirish berildi. Egallab olingan yer maydoni belgilangan muddatda o‘z holiga qaytarildi.  

Kadastr agentligi Qiziriq tuman bo‘limi nazoratchilari Qishloqozon mahallasining ichki yo‘l muhofaza hududidan o‘zboshimchalik bilan devor to‘sig‘i qurib olinganiga duch kelib, noqonuniy qurilma egasiga ogohlantirish berdi. "Dolzarb 40 kunlik" loyihasining ilk kunlarida Qumqo‘rg‘on tumanidagi Islomobod mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasidagi sug‘oriladigan ekin maydonining 0,06 gektar yeri o‘zboshimchalik bilan egallanib, 64 kvadrat-metrdan iborat oshxona binosi qurib olingani ham ma’lum bo‘ldi. Binoning noqonuniy sohibiga bu ishning yakuni yaxshi bo‘lmasligi tushuntirilgach, u o‘z xohishi bilan qurilmani bartaraf etdi. Yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarildi.  

Yer –umummilliy mulk. Qonunlarimizda yerga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishga, o‘zboshimchalik bilan egallashga tegishli choralar belgilangan. Biroq mutaxassislarning bu borada olib borayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlariga qaramay, davlat mulkini qonunga zid egallab olishga urinilayotgani tashvishlidir. Bu toifadagi insonlar andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib olib, harqalay sodir etgan qonunbuzilishini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy tuzatishni ham paysalga soladi. Bunday shaxslarning noqonuniy qurib olgan qurilmalarini majburiy tartibda buzdirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga da’vo arizalari kiritilmoqda.

– Ayrim insonlar davlatimizning hujjatsiz foydalanishdagi yer maydonlarini hujjatlashtirish bo‘yicha imtiyozlarini noto‘g‘ri talqin qilib, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirmoqda, – deydi Menglimamat Abdirahmanov. –Ularga masalaning mohiyatini to‘g‘ri tushuntirayotgan, bu imtiyoz faqatgina 2018-yilgacha bo‘lgan qurilishlar, ya’ni uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan fuqarolarning uy-joyiga nisbatan nazarda tutilayotganini qayta-qayta aytayotgan bo‘lsak-da, tasdiqlanishi kutilayotgan aksiyadan foydalanib qolishga urinmoqda. O‘zlariga ham, soha mutaxassislari va huquq-tartibot idoralariga ham ortiqcha ishlarni ko‘paytirmoqda.  

Amaldagi qonunlarimizda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, o‘tgan qisqa davrda yerdan foydalanish bo‘yicha yetti holatda jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlanib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan davlat yer, kadastr geodeziya nazorati sohasidagi qonunbuzilish hujjatlarini bartaraf etish uchun 374 huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.  

Viloyatda yerdan foydalanish bo‘yicha nazorat-o‘rganish ishlari va umummilliy mulkni o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlari tushuntirilayotgan targ‘ibot tadbirlari izchil davom etmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri