English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerni boqsang, yer seni boqadi
14:00 / 2020-04-23

Mehnatsevar, mard xalqimiz Prezidentimizning murojaatalaridan ruhlanib, yana-da jipslashib, birdam boʻlib javob berishadi, men bunga ishonaman.

Munosabat

Prezidentimizning 3-aprel kuni kengaytirilgan videoselktor yigʻilishida koronavirus pandemiyasi davrida yana-da birdam, hamfikr boʻlish va bu sinovli kunlarini betalofat oʻtkazish haqida xalqimizga qilgan murojaatlari barcha qatori meni ham hayojonga soldi. Shu bilan birga hushyorlikka ham chorladi.

Kattayu kichikni bahamjihat boʻlib, qatʼiy tartib-intizomga, karantin qoidalariga rioya etishga, sabr-bardoshli boʻlishga daʼvat etdi. Uyda bir qarich yerdan ham unumli foydalanish uchun zarur tavsiya va koʻrsatmalari berildi.

Ammo, sholi ham kurmaksiz boʻlmaganidek, oʻz tomorqasidan unumli foydalanmayotganlar ham uchrab turadi? Baʼzi hovlilarga kirsak, bir tup mevali daraxt koʻrmaysiz? Ekin-tikinni aytmasak ham boʻladi, kattagina tomorqasi boʻla turib, hatto koʻkatni ham sotib oladiganlar bor.

Ichimda bir xavotirim bor, agar biz yoshi ulugʻlar, farzand, nabiralarimizni mehnatga, tomorqa ishlariga oʻrgata olmasak, albatta ular yengil-yelpi pul topish ilinjida chet ellarga ketib, oʻz sogʻligini yoʻqotib qaytadilar.

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati boʻlib, uyma-uy, xonadonma-xonadon yurganimizda qishloqda, 10-12 sotix yeri bor oila farzandlari chetga ish qidirib ketgani, tomorqa esa ishchi kuchi yoʻqligidan, qarovsiz holatda ekanini koʻrib achinganman. Oʻsha chetdan topgan pulni oʻzini tomorqasidan ham topsa boʻladi-ku?

Hovli atrofiga terak eksa, kelgusida farzandlari uchun quriladigan uylarga yogʻoch, taxta izlab yurmaydi, yeridan esa bir yilda ikki marta hosil olish mumkin, bahorgi, kuzgi ekiladigan ekinlarimiz bor. Ayni damda, tegishli tashkilot xodimlari tumanlarga chiqib, kerakli koʻchatlarni yetkazib bermoqdalar, bizdan esa harakat talab qilinadi.

Yaqinda bir holatga guvoh boʻldim, koʻp qavatli uyda yashovchi bir ayol gul koʻchatlari yetishtiribdi, endi pomidor, bodring, limon nihollari yetishtirish haqida reja qilayotgani haqida toʻlqinlanib gapirib qoldi. Bu ibrat, namuna uning oilasida kamolga yetayotgan farzandlar uchun dars boʻladi.

Yurtimizda har bir inson eʼtiborda ekani kunda bir namoyon boʻlmoqda. Har bir hamyurtimizning sogʻligi, xavfsizligi uchun qaygʻurilmoqda. Bu sinovli kunlarda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash dolzarb vazifaga aylangan. Bunday vazifani bajarishda har bir tomorqasi bor oilalar chetda tomoshabin boʻlib tura olmaydi, hatto 1 sotix yeri boʻlsa ham nimadir ekib, oilasi uchun qaygʻurishi, harakat qilishi lozim. Kimdir koʻkat, kimdir poliz ekinlari, pomidor, bodring va hokazolar ekib, roʻzgʻoriga baraka olib kelishi mumkin-ku? Axir “Yerni boqsang, yer seni boqadi” deb bejiz aytilmagan.

Shu kecha kunduzda ayni tomorqada shugʻullanadigan damlar, karantin tufayli vaqtimiz ancha bemalol boʻlib qolganidan unumli foydalansak, hammamiz uchun ham foydalidir, ayniqsa sogʻlik uchun jismoniy mehnatning oʻrni beqiyosdir.

Mehnatsevar, mard xalqimiz Prezidentimizning murojaatalaridan ruhlanib, yana-da jipslashib, birdam boʻlib javob berishadi, men bunga ishonaman.

Bu kunlar albatta oʻtadi, yaxshi kunlarimizni pok niyatlar bilan kutishimiz, eʼtiqodli, imonli xalq ekanligimizni unutmasligimiz kerak.

Buyuk bobomiz Bahovuddin Naqshbandiy “ Qoʻling mehnatda, diling Ollohda boʻlsin” deb, oʻgit qilganlarini esga olish kifoya. Yaratganning oʻzi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari bizni qoʻllaydi.

Muhabbat SHARAPOVA,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Xalq deputatlari Qashqadaryo
viloyati Kengashi deputati