English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerni boqsang-yer ham seni boqar
16:45 / 2022-09-19

Gulnora Sarboyeva... Toshkent viloyatining Ohangaron tumani «Qora Xitoy» mahallasi ahli bu mehnatkash insonni yaxshi taniydi. Mahalladagi namunali xonadonlardan biri bo‘lgan Sarboyevlar oilasi hovlisida manzarali gullarning 8 xilini parvarishlamoqda.

Aslida surishtirib kelsa, xonadonning yer maydoni u qadar katta emas. Tomorqa 0,12 sotixdan iborat. Biroq maydonning kichikligi hosildorlikka ta’sir qilayotgani yo‘q, oila bu yerlardan yiliga 3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan.

–Oila bekasi Gulnora opa asli tibbiyot xodimi bo‘lsada, olmaning 4 xili, nokning 2 xili, anor, anjir, uzumning 6 xil navini, o‘rik, qora gilos, kabi daraxtlarni parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirishni hadisini olgan ekan, –deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xodimi Umirzoq Rahmatov. –Tomorqasida suv ta’minoti uncha yaxshi bo‘lmagani bois yomg‘irlatib sug‘orish tizimini qo‘llab kelmoqda. Suvni tejash texnologiyasini joriy etish orqali 0,10 sotix tomorqaning bog‘ qator orasiga bodring, qizilcha, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabi sabzavotlar va ko‘katlar yetishtirilmoqda. Xonadon ehtiyojlaridan ortgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining bir qismini bozorga yetkazib berish va qo‘shnilarga sotishni yo‘lga qo‘ygan. Undan tashqari bog‘ bo‘lmagan 0,2 sotix yer shu kunlarda piyoz va sarimsoqpiyoz urug‘ini ekish uchun tayyorlab qo‘yilgan ekan.

Oila tomorqa ishlari bilan bir vaqtda chorvachilikka ham e’tibor qaratmoqda. Hovlida parvarishlanayotgan 30 bosh parranda tuxumi va sog‘in sigirlarning suti oilaning tuxum va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qoplamoqda.

–«Yerni boqsang-yer ham seni boqar» shiorini kunlik maqsadga aylantirib olganmiz, –deydi Gulnora Sarboyeva. – Iqlim –sharoitimiz yiliga 3 marta hosil olish uchun juda qulay, bahonaga hech ham o‘rin yo‘q. Tuproq va suvdan yanada oqilona foydalanish uchun gulchilikni yo‘lga qo‘yish orqali mahallada gulchilik va urug‘chilik maktabini yaratmoqchiman. Kelgusida dorivor o‘simliklar yetishtirishni ham o‘zlashtirish uchun o‘rganish ishlarini boshlab yubordik.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ishchi guruhi tomorqachi Gulnora opa Sarboyevaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi to‘g‘risida tavsiyalar berdi.

O‘zA