Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘rta Chirchiq tumanida bo‘lib, joylardagi qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishdi.
“Do‘stlik” MFY aholisining aksariyatida issiqxona mavjud bo‘lib, asosan qulupnay yetishtirishga ixtisoslashgan. Mazkur mahallada 21 nafar yoshlarning har biriga 30 sotixdan yer ajratilgan. Hozir yurtimizda yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash ayni vaqtda hayotiy zaruratdir.



Vazir o‘z navbatida yoshlarning tadbirkorlik faoliyati bilan tanishar ekan, ekin yetishtirish texnologiyasi, hosildorlikni oshirish borasida o‘z takliflarini berdi. Shundan so‘ng mahallada yangi texnologiya asosida qo‘ziqorin yetishtirayotgan aholi xonadonida bo‘ldi. Uch sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonada qo‘ziqorinning “veshenka” navi yetishtirilmoqda. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ziqorindan yil davomida mo‘may daromad topish mumkin. Bitta qopga joylangan urug‘lar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Harorat mo‘tadil ushlab turilsa mavsumga qarab, 10-15 milliongacha daromad qilish mumkin.




Vazir tadbirkorning faoliyati bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida qo‘ziqorin yetishtirish texnologiyasi bilan tanishilgani va buni mamlakatimizda ham joriy etish masalasini ilgari surilganini qayd etdi.
A.Musayev, O‘zA.