Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerlarning meliorativ holati yaxshilanmoqda
16:17 / 2016-06-06

Farg‘onada irrigatsiya-melioratsiya tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Farg‘onada irrigatsiya-melioratsiya tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan suv xo‘jaliklari, havza boshqarmalari, irrigatsiya-melioratsiya tizimi mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, loyiha institutlari rahbarlari, mazkur tarmoqqa xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va suvdan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Prezidentimizning 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

2013-2015-yillarda Farg‘ona viloyatida 55 milliard 848 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 43,1 kilometr uzunlikda ochiq kollektor-drenaj va 9,3 kilometr yopiq-gorizontal drenaj tarmoqlari, 4 meliorativ nasos stansiyasi, 61 vertikal drenaj va 573 kuzatuv qudug‘i, 35 gidropostlar qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shu bilan birga, 4 ming 842 kilometrlik kollektor-drenaj tarmog‘i, 1103 gidrotexnik inshoot ta’mirlandi va tiklandi.

– Sug‘oriladigan yerlarda hosildorlikni oshirish ko‘p jihatdan yerning meliorativ holatiga bog‘liq, – deydi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Rahmatullayev. – Mamlakatimizda keyingi yillarda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina Farg‘ona viloyatida olib borilgan tadbirlar natijasida 108 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi. O‘rtacha va kuchli sho‘rlangan maydonlar 22 ming gektarga, yer osti suv sathi ikki metrgacha bo‘lgan maydonlar 23 ming gektarga kamaydi. 18 ming 200 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Loyihalar amalga oshirilgan hududlardagi fermer xo‘jaliklarida paxta hosildorligi o‘rtacha 2-3 sentner, boshoqli don ekinlari hosildorligi 3-4 sentnerga oshdi.

Joriy yilda qariyb 1852 kilometr kollektor tarmoqlari, 384 tik zax qochirish qudug‘ini ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Yaqinda “Farg‘ona va Zarafshon vodiylarida suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida Dang‘ara nasos stansiyasi 8,6 million dollar hisobiga rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Seminar doirasida ishtirokchilar viloyatda suv resurslarini boshqarish, intensiv bog‘ maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, suv taqsimlash bo‘limlarida baliqchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavot va poliz ekinlari, issiqxonalar barpo etish tajribasi bilan tanishdi.