Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerlarni talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotishga chek qo‘yiladi
14:34 / 2021-06-09

Aynan shunday qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari keskin kuchaytirildi.

Bu davlatimiz rahbarining «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida o‘z ifodasini topdi.

Adliya vazirligi tomonidan farmonda belgilangan yangi tartiblar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Adliya vaziri, Bosh prokuror o‘rinbosari, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Prezidentimizning yerga oid farmoni tarixiy hujjat ekanini qayd etdi. Unda amaliyotda uchrayotgan yer bilan bog‘liq qonunbuzarliklar, muammolarga chek qo‘yishga oid yechimlar o‘z ifodasini topgan. Endilikda shu asosda yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, yer ajratish va undan foydalanishda nazoratni kuchaytirishga oid bir qator yangi tartiblar amalga kiritiladi.

Yerga bo‘lgan huquq turlari 6 tadan 3 taga qisqartirilmoqda. Ya’ni meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish amaliyoti to‘liq tugatilmoqda. Bunda xususiy sektor uchun – mulk va ijara huquqini, davlat tashkilotlari uchun – doimiy foydalanish huquqini qoldirish nazarda tutildi.

Noqishloq yerlarni shaffof ajratish maqsadida quyidagi tartiblar belgilandi: hokim qarori asosida yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti butunlay bekor qilinadi.

O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga – xususiy mulk qilib sotish, xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yerlarni hamda xorijiy shaxslarga – ijara huquqini elektron auksionda sotiladi.

Ayrim toifadagi shaxslarga (harbiylar, kam ta’minlangan oilalar, turar joyi buzilishga tushganlar) yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bepul berish o‘rniga auksiondan yer sotib olish xarajatlarini qoplab berish tizimi joriy etiladi. Jismoniy va yuridik shaxslar ixtiyorida bo‘lgan yerlar haq evaziga xususiylashtiriladi. Eng yaxshi taklifni tanlash (“swiss challenge”) orqali kamida 10 million AQSH dollari miqdoridagi yirik investitsiya loyihasi tashabbuskoriga Hukumat qarori bilan ijaraga yer berish (bunda investor loyiha summasining kamida 10 foizini oldindan depozitga qo‘yishi lozimligi) nazarda tutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda yangi tartib joriy etildi. Xususan, yer barcha fuqaro va tashkilotlarga ochiq tanlov asosida beriladi. (Amalda MCHJ, dehqon xo‘jaliklariga tanlovsiz berilar edi).

Bog‘dorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlari tuzish, yordamchi qishloq xo‘jaligi yuritish uchun yer berish tartibini bekor qilish, yangi ajratiladigan qishloq xo‘jaligi yer maydoni o‘lchami va ijara muddatini bugungi kun talablari asosida belgilash ko‘zda tutilgan.

Yer ajratish va undan foydalanishda nazorat kuchaytiriladi. Tuman hokimlarining yer ajratish bo‘yicha vakolati to‘liq bekor qilindi (yerni biriktirish, farmoyish chiqarish, yerni ko‘chirish); qishloq xo‘jaligi yeri ijarasi bo‘yicha ochiq tanlov yakuni viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadi, ijara shartnomasi (tuman hokimligi va g‘olib o‘rtasida) elektron shaklda tuziladi.

Hokim qarorlari «ye-qaror» axborot tizimida shakllantiriladi. Yerning joylashuv xaritasi «Innola» va “ArsGIS» dasturlarida shakllantiriladi. Yerga bo‘lgan huquq avtomatik tarzda kadastr ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Viloyat hokimining yer bo‘yicha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Hokimning ayni bir qarori bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish va boshqa shaxsga ajratish taqiqlanadi.

Yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlarni to‘plash va ko‘rib chiqish jarayoni «Ye-YERNAZORAT” axborot tizimi orqali yuritiladi. Kadastr, prokuratura, adliya organlari va hokimliklar tomonidan yer ajratish ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi. Yer sohasidagi huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar moddiy rag‘batlantiriladi.Yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik keskin kuchaytirildi. Xususan, noqonuniy egallangan yerlar to‘g‘risida xabar bermaslik, ularda qurilgan imoratlarni kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berganlik uchun yangi ma’muriy javobgarlik kiritildi.

Sug‘oriladigan yerlarda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilgan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi (amalda bunday javobgarlik ma’muriydan keyin belgilangan). Yer sohasida barcha ma’muriy jarimalarni tayinlash vakolati kadastr organlariga o‘tkaziladi. Yerni noqonuniy sotganlik uchun yangi jinoiy javobgarlik kiritildi.

Mazkur o‘zgartirishlardan keyin yerlarni talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish keskin kamayadi. Yerlar barcha uchun bir xil va shaffof tartibda ajratiladi. Yer bozor aktiviga aylanadi va moliyaviy oborotga kiradi. Yer ajratish tartibi yagona hujjat – Yer kodeksida belgilanadi. Yer sohasida davlat va jamoatchilik nazoratining samaradorligi ortadi.

 

N.Abduraimova, O‘zA