Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerlardan samarali foydalanish aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi
15:27 / 2022-02-07

Prezidentimizning 2021 yil 16 dekabrda qabul qilingan «Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Qarorga ko‘ra, joylarda tomorqa yer egalari va kooperatsiyalarni mahsulot ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, kooperatsiya a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bo‘yicha qisqa muddatli amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Ayni vaqtda ana shunday uchrashuvlar Surxondaryo viloyatida ham tashkil etilmoqda. Hozirgacha Angor, Muzrabot va Termiz tumanlarda mahallarda mutaxassislar ishtirokida ochiq va yopiq maydonlarda sabzavot ekish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, unda kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ham maslahatlar berildi. Parranda, quyon, qo‘y va echki, asalari uyalari, intensiv usulda baliq boqish, ixcham issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha texnologik tavsiyalarni internet tarmog‘i orqali onlayn berib borilishi ham yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

–Yurtimizning janubiy o‘lkasi Surxondaryo vohasida ekin yetishtirish boshqa hududlarga nisbatan biroz murakkab. Sababi bu o‘lkada zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarning barcha turini uchratish mumkin, –deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining kooperativ va klasterlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i. Elmurod Mamarahimov. – Shu bois surxonlik fermer va dehqonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirayotganda doimiy hushyor va ogoh bo‘lishadi. Shu holatlarni hisobga olgan holda 2022 yil davomida, har bir hududda ochiq va yopiq usulda sabzavot mahsulotlari yetishtirish, parvarishlash hamda ularning eksportini rivojlantirish maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahallalarda taqdimotlar va seminarlar o‘tkazishni boshladik. Misol uchun, issiqxonada tuproqning ortiqcha sernam bo‘lishi ham zararli. Uning ichi yaxshi yoritilishi va ichiga havo kirib turishi kerak. Bular aslida oddiy holatlar bo‘lishi mumkin, lekin dehqonchilik qilib, yaxshi foyda olaman degan dehqon uchun yumushning mayda-kattasi yo‘q.

Qayd etish kerakki, yerlardan samarali foydalanish, yiliga ikki-uch marta hosil olish uchun sharoit yaratib berilishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ishonchli yo‘lidir. Bu aholining ko‘p qismi qishloqda yashaydigan hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, odamlar turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zA