Munosabat
Yaponlar balkonda pomidor yetishtirishmoqda, qopda kartoshka parvarishlamoqda, ko‘p qavatli uylar tomida gulzorlar barpo qilingan. “Dom”da yashab, ovqatga ishlatiladigan ko‘katlarni balkonda o‘stirayotganiga nima deysiz? Chunki ularda yer tanqis, har qarich yer hisobda, har qarich yerning egasi bor.
Bizda-chi? Bizda esa ariqda suv oqib turgan sharoitda ba’zi tomorqalar bo‘sh turibdi yoki yantoq bosib yotibdi. To‘g‘ri, keyingi paytda tomorqachilikka e’tibor ancha yuksaldi, ammo haliyam juda ko‘p yerlarimizga ekin ekilmasdan, bo‘sh, qarovsiz yotganiga kishining ichi achiydi. Axir bugungi kunda biz loqayd bo‘lishga, yerning umrini o‘tkazib yuborishga haqqimiz yo‘q. Dunyoda global inqiroz ro‘y berayotgan shunday tahlikali vaqtda bizning yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun imkoniyat ham shart-sharoit ham mavjud. Faqat har qarich yerni xazina bilib, ish yuritish talab etiladi, xolos.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu haqda batafsil fikr yuritildi. Dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib, eksportga qo‘yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni chuqurlashtirayotgani, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinayotgani aytib o‘tildi.
Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni ko‘paytirib, narx-navoning aholi ro‘zg‘origa ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rish zarur. Shu yil boshida 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratilgani va odamlarga urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan yordamlashish bo‘yicha “Tomorqa xizmati” yo‘lga qo‘yilgani hamda tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berilgani misol tariqasida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda tuman va mahallalardagi ijobiy tajribalar bilan birga kamchiliklar ham ro‘y-rost tanqid qilindi. Xususan, 80 ming gektar yerdan 16 ming gektari aholidan uzoq va sug‘orish qiyin joyda bo‘lgani sababli egasini topmagani, shu bois hokimlarga bunday yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish vazifasi topshirildi. Davlatimiz rahbari aholi takliflari asosida yangi imkoniyatlarni belgilab berdi.
Yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi ta’kidlandi. Binobarin, bu imkoniyatdan unumli foydalanilsa, qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi, eng asosiysi, agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat va ishsizlar masalasini bemalol hal qilsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Suv ta’minoti og‘ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Kichik quduqlar uchun Qoraqalpog‘istonda 5 metrdan, qolgan hududlarda 10 metrdan ortiq chuqurlikning har bir metriga 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish bo‘yicha beriladigan subsidiyalar dehqon xo‘jaliklari uchun ham tatbiq etiladi.
Shu yig‘ilishda bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, aytmoqchimanki, agar mavjud yerlardan oqilona foydalanishni tashkil etsak, bizda hech qachon oziq-ovqat tanqisligi bo‘lmaydi. Demak yurtimizda bozorlar to‘kinligi va arzonligi o‘zimizga, o‘z mehnatimiz va sa’y-harakatimizga bog‘liq. Buni hech qachon yoddan chiqarmasligimiz lozim.
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA