Yerlar elektron onlayn auksion orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi.
Ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi.
Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda chora ko‘rish mas’uliyati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatiladi.
Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.
Bu kabi yangi me’yorlar Senat yalpi majlisida ma’qullangan “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur qonun bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA