Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerga yer qo‘shish: amaldagi qonunlarni bila turib ko‘z yumish javobgarlikdan asraydimi?
09:41 / 2022-06-06

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, yerga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Shunchaki ekin ekish emas, balki har mavsumda 2-3 martagacha hosil olish, har qarich yerdan samarali foydalanish bosh mezonga aylandi. Buning uchun davlatimiz tomonidan bir qator farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 

Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni va 2022 yil 22 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligi oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori  ham bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. 

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi Yer nazorati bo‘limi va hududiy bo‘linmalar tomonidan joylarda yerlardan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni talon-taroj qilinishining oldini olish, noqonuniy qurilmalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha monitoring o‘tkazilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda jami 936 ta holatda 293 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik  bilan egallangani aniqlangan. 

Tumanlar kesimida tahlil qilganda, Toshkent tumani 99 ta holat bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Oqqo‘rg‘on, Bo‘stonliq va Parkent tumanlari egallamoqda. Bundan tashqari, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Bo‘ka, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarida ham bu kabi holatlar ancha ko‘paygan. 

Bo‘ka tumanidagi “Yangi bog‘i ravon” fermer xo‘jaligi tomonidan auksion orqali ajratilgan yer maydoniga qo‘shimcha ravishda qishloq xo‘jaligi yeri hisobiga kengaytirib, noqonuniy ravishda qurilish qilgani aniqlandi. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi fermer xo‘jaligi rahbariga berilgan ogohlantirish xatidan so‘ng noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda buzildi va yer qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritildi. Aslida bunday noqonuniy ishlar bugun bo‘lmasa, ertaga, kun kelib aniqlanishi muqarrar edi. Mazkur holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan 6 milliard 69 million 620 ming so‘m miqdorida jarimalar hisoblangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Kadastr agentligi o‘zboshimcha yer egallangan holatlarga chora qo‘llash ya’ni buzdirish vakolatiga egami?  Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 467-sonli qaroriga muvofiq, Kadastr agentligi hamda uning hududiy organlari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash va ularni bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlari safida turadi. Boshqa vakolatli organlar kabi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Jumladan, agentlik joylarda aniqlangan holatlar yuzasidan dastlab yer qonun buzilish holatini sodir etgan shaxsga nisbatan 15 kun muhlatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etib, yerni avvalgi holiga qaytarish yuzasidan rasman ogohlantirish beradi. Qonun buzilish holati bartaraf etilmaganda, belgilagan tartibda jarima qo‘llanilib, sudga da’vo arizasi kiritiladi. 

Prezidentimiz raisligida 2021 yil 24 noyabrda o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari va tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi, 2022 yil 8 iyulda o‘tkazilgan uzumchilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi hamda sohaga oid qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Piskent tumanida ham ishchi guruh faoliyat olib bormoqda.

Bu yil fevral oyidan boshlab tuman hokimi R.Rixsiyev boshchiligida hokim o‘rinbosarlari va mutasaddi tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruh 29 ta mahallada xonadonma xonadon kirib yerdan foydalanish darajasi o‘rganilgan. Aniqlangan bo‘sh maydonlarda uzumchilik xo‘jaliklarini tashkil qilish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, o‘zboshimchalik bilan egallangan maydonlarni qonuniylashtirish, tashlandiq hududlarni obodonlashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Xususan, “Oqtepa” mahallasining magistral yo‘l yoqasida joylashgan 18 ta xonadon egalari bir necha yillardan buyon o‘zboshimchalik bilan egallangan 5,57 gektar yer maydoni borligi aniqlangan. O‘rganishlar paytida aholining noroziligi ham bo‘lgan. Ishchi guruh tomonidan ushbu maydonlarni qonuniylashtirish va uzumzor bog‘lar barpo etishda amaliy choralar ko‘rilmoqda. 

Shu masala bo‘yicha joyiga chiqib, mahalla raisi va fuqarolar bilan gaplashdik. Shu yerlardan birini o‘zlashtirgan oqtepalik Ortiq Rashidovning aytishicha, ancha yillardan beri yo‘l bo‘yidagi yerlarda davlat ruxsatisiz dehqonchilik qilgan. Ammo qonunchilik talablari bilan biror marta qiziqmagan. 

– Bu yerlarda bog‘ qilishga qurbi yetmagan fuqarolar uchun imtiyozli kreditlar rasmiylashtirishga ham yordam berilmoqda, – deydi mahalla raisi G‘ayrat Sheronov. – Ye-auksion platformasida ushbu maydonlar 20 ta lotga bo‘linib, auksionga chiqarilgan. Ayrim joylarga tok ko‘chatlari ekildi. Mavsum davomida karam, baqlajon, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot ko‘chatlari ekilib, yuqori hosil olish choralari ko‘riladi. Mutaxassislar fikricha, 1 gektar xo‘raki uzum yetishtirish uchun o‘rtacha 100 million so‘m xarajat qilib, to‘rt yildan keyin yiliga 250 million so‘m sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan bir kilogramm yog‘ning jahon bozoridagi narxi – 10-15 dollar bo‘lib, O‘zbekistonda bir yilda 1,5 ming tonna yog‘ ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Aslida bu kabi tahlillar aholining sifatli mahsulot yetishtirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda yerni endi faqat auksion orqali ajratish tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, aholining qishloq xo‘jaligi sohasida mustaqil faoliyat yuritishi va o‘z daromadiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilda aholiga beriladigan 80 ming gektar yerni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tanlovga chiqarish vazifalari belgilangan. 

Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga berilmagan qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini hokimliklar nomiga davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib E-auksion orqali savdoga chiqarilmoqda. Toshkent viloyatida jami 5 ming 531 gektar yer maydoni 27 ming 655 ta lotlarga ajratilib, auksion savdosiga chiqarilishi belgilangan. Shundan 17 ming 556 lot (5 ming 133 gektar) uchun E-auksion tanlovi o‘tkazilgan bo‘lib, 11 ming 626 ta lot (3 ming 184 gektar) g‘olib deb  aniqlangan. 

bugungi kunga qadar Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasining Ko‘chmas mulk huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi tomonidan 6 ming 118 ta lot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, auksion tanlovi orqali 1 ming 626 gektar yer maydonining egalari aniqlangan. Mazkur tanlovda “daftar”larda ro‘yxatga olingan fuqarolar uchun ustunliklar ham belgilangan.

Umuman olganda, yerga yer qo‘shish masalasida gap ketganda aholining mavjud qonun talablaridan yetarlicha xabardor bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Sababi har qarich yer davlat tomonidan nazoratga olingan.

A.Musayev, O‘zA.