Yer – davlat mulki, xalqimiz xazinasi. Uni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy foydalanish amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, javobgarlikka sabab bo‘ladi. Biroq, joylarda olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim yurtdoshlarimiz yerga oid qonunchilikni buzib, tegishli tartibda javobgar bo‘lib qolmoqda.
Yoki yer nazorati chog‘ida aniqlangach, g‘ayriqonuniy qurilgan bino va inshootlarini ixtiyoriy buzib, yaxshigina moddiy zarar ko‘rmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda boshqa hujjatlar bilan Kadastr agentligiga qator vakolatlar berilib, muhim vazifalar yuklangan. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar faqat Kadastr agentligi organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Shunga muvofiq Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari ham hududlarda targ‘ibot ishlarini olib borib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini atroflicha tushuntirmoqda. Shuningdek, nazorat ishlari chog‘ida yerga oid qonunbuzilish holatlarini aniqlab, zarur choralar ko‘rmoqda. Jumladan, yilning o‘tgan davrida viloyatda 2 ming 500 ga yaqin qonunbuzilish aniqlandi.

Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, o‘tgan yillarda yerga oid qonunchilikdagi bo‘shliqlar sababli yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar qandaydir yo‘llar bilan unga egalik huquqini ham oldi. Keyingi yillarda qonunchilikning takomillashtirilgani endilikda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan uy-joylarni qonuniylashtirish masalasi muhim muammo bo‘lib qolmoqda.

– Ayni paytda “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolar va inshootlarga huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2024 yildagi qonuni mazmun-mohiyati ham aholi o‘rtasida qayta-qayta keng tushuntirilmoqda, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Abdurahmonov. – Afsuski, qonun ayrim odamlar o‘rtasida noto‘g‘ri talqin qilinib, yerga oid huquqbuzarliklarning qasddan sodir etilishiga ham olib kelmoqda. Buning oqibatida esa hududlarda yer qonunchiligiga rioya etmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalarni qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi holatlar uchrab turibdi.
Qonunni noto‘g‘ri talqin etish yoki uni tushunsa ham tushunmaslikka olib, davlat mulki va xalqimiz boyligi bo‘lgan yerni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish bu toifadagi insonlarga ortiqcha tashvish keltirmoqda. G‘ayriqonuniy egallangan yerga qurilgan binolarni buzib, uni o‘z holiga keltirishga majbur bo‘lmoqda. Javobgar bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina joriy yilning o‘tgan davrida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari nazoratchilari yerga oid 2 ming besh yuzga yaqin qonunbuzilish holatini aniqlab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi. Ularning 1 ming 740 dan ortig‘i nazoratchilarning tushuntirish ishlari natijasida ixtiyoriy bartaraf etilib, yer maydonlari avvalgi holatiga qaytarilishi ta’minlandi. Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan yer qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli tartibda sud organlariga davo arizalari kiritildi.
– Yer qonunbuzilish holatlari tahlil qilinganida ular yangi qabul qilingan qonun asosida hujjatlarimizni rasmiylashtirib olamiz, degan fikr bilan noqonuniy qurilishlarga qo‘l urgani oydinlashmoqda, – deya suhbatni davom ettiradi M.Abdurahmonov. – Vaholanki, mazkur qonun faqat 2018 yil 1 maygacha yakka tartibda uy-joy qurib, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer hamda undagi bino va inshootlarni ko‘rib chiqishni belgilab bergan. Ularning bunday qaltis harakatlari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmoqda.
Viloyatning Sariosiyo tumanida Nilu, degan mahalla bor. Baland tog‘larga tutashib ketgan. Kadastr agentligining tuman bo‘limi nazoratchilari mahallada bo‘lganida Majid Ilyosov (ism-sharif o‘zgartirildi) davlat zaxirasidagi qishloq xo‘jaligi xaritasining 125q-dala konturining yaylov yer maydonidan 1 ming 500 kvadrat-metr yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 260.40 kvadrat-metr maydonga uy-joy binosini qurib olganiga duch keldi. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismiga asosan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, yozma ko‘rsatma berdi. Endilikda huquqbuzar belgilangan muddatda ko‘rsatmani bajarmasa, ish sudda ko‘rib chiqilib, qonunga zid qurilgan binolarni majburiy tartibda buzdirish choralari ko‘riladi.
Xullas, yer qonunchiligiga amal qilish – har bir fuqaroning muhim burchlaridan biri sanaladi. U to‘kin turmush va farovon hayotimiz manbai. Zero, bepoyondek tuyuladigan yerning ham hisob-kitobi bor. So‘nggi yillarda yer maydonlari bilan bog‘liq munosabatlarda amalga oshirilayotgan barcha ishlar undan samarali va oqilona foydalanishga qaratilgan xalqchil islohotlarning amaldagi natijasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri