2021 yil 16 iyun kuni Oliy Majlis Senatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 8 iyun kuni qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosi, ko‘tarilgan masalalarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida seminar tashkil etildi.
Seminarni Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev olib bordi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyatlari mudirlari, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya hamda Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 8 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlashga doir muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ularning ijrosi natijasida 457 mingta doimiy yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash orqali yangi ish o‘rinlarini 1,5-2 baravar oshirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Seminarda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B. Tojiyev oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga to‘xtalib, 8 iyun kuni qabul qilingan «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini mazmun va mohiyatini keng tushuntirdi. Xususan, endilikda tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechilishi va yerlar hamma uchun bir xil, oshkora va elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotilishi yoki ijaraga berilishi qayd etildi.
Tadbirda ishtirok etgan Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E. Gadoyev Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi qayd etdi. Buning uchun g‘alla va paxtadan bo‘shagan yerlardan 100 ming gektardan yer ajratilishi belgilangan. Va bu tajriba keyinchalik respublikamizni boshqa viloyatlarida ham amalga oshirilishi qayd etdi.
Bundan tashqari E. Gadoyev videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlashga, shuningdek, chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalarga asosiy e’tibor qaratilgani ta’kidlab, xususiy sektorda yerni sotish va ijaraga berish tartibi, subsidiya olishda imtiyozlar va boshqa masalalarga to‘xtaldi.
Yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash orqali yerlarning iqtisodiy qiymatini belgilash maqsadida mahalliy Kengashlar a’zolari, senatorlar o‘rganishlar o‘tkazib, muammolarni aniqlashi lozimligini Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zosi I. Najmiddinov ta’kidladi.
Jumladan, joylarda saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda yerni hisob-kitobini takomillashtirish yuzasidan takliflar bo‘lgani, tadbirkorlar va ishbilarmonlarga ishlab chiqarish va xizmat shoxobchalari tashkil etish uchun yuqori ball-banitetga ega bo‘lgan unumdor yer maydonlarini ajratishdek holatlarga yo‘l qo‘yilgani va boshqa muammolarni hal qilishda ushbu Farmon dasturilamal bo‘lishi qayd etildi.
Seminar davomida viloyatlardan qatnashgan boshqa ishtirokchilar o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Tadbir so‘ngida Farmon ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlar oldida turgan vazifalar bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘zA