Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aynan shu masalalar ko‘zda tutilmoqda.

Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutovning qayd etishicha, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining transformatsiya qilinishi qonunchilik hujjatlariga bu organlarning rasmiy nomlarini aniqlashtirish uchun tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini talab etadi. Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va boshqa qonunlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nomini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, inspeksiyaga qishloq xo‘jaligi yerlariga oid huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish ko‘zda tutilmoqda. Agar yerga oid huquqlar o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, javobgarlik belgilanishi mumkin.
Qonun loyihasi agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga hamda yer egalarini tartibga chaqirish, bu boradagi muammolarni vaqtida hal etishga xizmat qilishi ta’kidlanib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA