Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerga mehr bergan inson boy bo‘ladi...
16:26 / 2025-07-21

Sirdaryo tumani Furqat mahallasida yashovchi Yusuf Rahmon uzoq yillar ro‘zg‘or tashvishi bilan farzandlaridan uzoqda, xorijda ishladi. Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli u o‘z yurtida mehnat qilib daromad topish mumkinligini amalda isbotladi.

Hokim yordamchisi maslahati va ko‘magi bilan xonadoniga tutash bo‘sh turgan, hech kim foydalanmagan zovur yonidagi 10 sotix yerga tijorat bankidan 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, issiqxona qurdi. Bu borada u Quyosh mahallasida istiqomat qilayotgan, issiqxonachilik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega usta dehqonlardan maslahat oldi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra, qishning oxirlarida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan olti ming dona eksportbop bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini olib keldi. Tomchilab sug‘orish tizimi asosida ekdi.

– Avvaliga juda ham ikkilandim, – deydi Yusuf Rahmon. – Oilaviy muammolar, ro‘zg‘or xarajatlari, farzandlardan uzoqda o‘tgan umrim ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. “Ertaga ish o‘xshamasa-chi, yana xorijga ketamanmi?” degan savollar tinchlik bermasdi. Turmush o‘rtog‘imning "Harakat qilmasangiz, sizga kim biror narsa beradi?" degan gaplari dalda bo‘ldi. Shundan so‘ng ishga bel bog‘ladim. 

Natija kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi. Bulg‘or qalampiri ko‘chatlari o‘z vaqtida parvarish qilindi, chopiq va agrotexnik tadbirlar quyoshlik usta dehqonlardan o‘rganilganidek amalga oshirildi. Qaysi masalada tushunmovchilik bo‘lsa, maslahat so‘radi. Mehnati zoye ketmadi ko‘chatlar gulga kirib, ilk mevalarni bera boshladi.

– Har bir ko‘chatni 2 ming so‘mdan olganman. Olish paytida ko‘chatchilar aytgan gaplarga uncha ishonmagan edim. Birinchi hosilni ko‘rgach, ularning haq ekaniga amin bo‘ldim. Bulg‘or qalampiri ko‘chatlari o‘suvchan, hosildorligi yuqori ekan, — deydi Yusuf Rahmon. – Farzandlarim ham juda xursand bo‘ldi. Axir xorijda shuncha pulni topish uchun kamida 6-8 oy mehnat qilishim kerak edi. Vaholanki, issiqxonada yaxshi tashkil etilgan mehnat, eksportbop ekin va bozorbop narxlar hisobiga bu mablag‘ni uch oyda ham topsa bo‘lar ekan. Bu mening shaxsiy hayotiy tajribamdan olgan xulosam.

Yusufjonga xaridor topish ham muammo bo‘lmadi. Bu borada Quyosh mahallasidagi tajribali issiqxonachilar yordam berdi. U 10 sotix issiqxonadan birinchi yig‘imda 62 million so‘m daromad ko‘rdi. Birinchi yig‘imdan tushgan daromad hisobidan kredit va ko‘chat uchun ketgan xarajatlar to‘liq qoplandi. Eng muhimi, kredit hisobidan qurilgan issiqxona foyda keltira boshladi. Ikkinchi yig‘im ham muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ko‘pchilik bulg‘or qalampiri pishib, bozorda ko‘payib ketgach, narx tushib ketadi, deb o‘ylagan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Ikkinchi va uchinchi yig‘imlardan ham 25–30 million so‘m atrofida sof daromad olindi. Hozirda issiqxonadagi bulg‘or nihollari sog‘lom va bardavom o‘smoqda. Bu nafaqat Yusuf Rahmonni, balki farzandlarini ham ilhomlantirdi. Shu bois, issiqxona yonidagi yana 6 sotix yerda yangi issiqxona qurish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Furqat mahallasining “Bog‘aro” qishlog‘ida 101 ta xo‘jalikda ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

– “Obod mahalla” dasturi doirasida “Bog‘aro” qishlog‘ida 1050 metr uzunlikdagi yo‘lga asfalt to‘shaldi. 1200 metr piyodalar yo‘lakchasi qurilib, unga 80 ta tungi yoritish chirog‘i va 8 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Bu yer hozir shahar ko‘chalariday obod va xavfsiz, – deydi Furqat mahallasi hokim yordamchisi Saddam Muhammad Qaynarov. – Ushbu hudud aholisi uzoq yillardan buyon dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi. Prezidentimizning tashabbuslari doirasida aholi daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ishsizlikni bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 101 ta xo‘jalikdan 90 tasida issiqxona tashkil etildi. Eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun jami 1 milliard 200 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 

Eng muhimi, “Bog‘aro” qishlog‘iga yo‘lingiz tushsa, bugungi islohotlardan rozi, mehnatidan mamnun insonlarni uchratasiz. Endi ularning har birida oilasini boqadigan, tinch va bardavom mehnati bor. Bu esa daromad oshishi, kambag‘allikni kamaytirish va ishsizlikni bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri