Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerga mas’ullar yer sotmoqchi bo‘ldi
22:10 / 2022-04-27

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim mansabdor shaxslar hamda fuqarolar qonunga xilof ekanligini bila turib, mo‘may daromad orttirish ilinjida noqonuniy ravishda yer sotish bilan shug‘ullanishi hamon uchramoqda.

Samarqand viloyati huquq-tartibot organlarining “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” tamoyiliga amal qilgan holda Nurobod va Samarqand tumanlarida o‘tkazgan tadbirlarida ana shunday holatlar qayd etildi.

Jumladan, Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi, Samarqand shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan B.M. hamkasblari – 1992 yilda tug‘ilgan J.Sh., 1994 yilda tug‘ilgan F.M. va 1995 yilda tug‘ilgan B.U. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, Nurobod tumani, Sazog‘on mahallasi hududidagi “Quality Dairy Farm” MCHJga qarashli 78 gektar lalmi yer maydonini mahalliy fuqaroga 135 ming AQSH dollariga sotib olishni taklif qiladi. Bu yer maydonini “qo‘li uzun” tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishiga ishontiradi va undan 35 ming AQSH dollarini “avans” sifatida olgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi holat Samarqand tumanida ham kuzatildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand tuman bo‘limi katta inspektori D.R. o‘ziga tegishli fermer xo‘jaligining 20 gektar yer maydonini xaridorga 50 ming AQSH dollari evaziga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, undan 25 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

G‘.HASANOV, O‘zA