Boyovut tumanidagi "Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydoniga tumanda birinchilardan bo‘lib baraka urug‘i qadaldi.
Bu yil Boyovut tumanida 10 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Ekishning tez va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida 38 ta otryad tashkil etildi va ularga 200 dan ortiq texnika biriktirildi.

Baraka urug‘i qadash tadbiri avvalida qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari va fermerlar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda agrotexnik chora-tadbirlar belgilab olindi va ishni tashkil etish muhokama qilindi.

Seminarda tajribali agronomlar va paxtachilik sohasida yuqori natijalarga erishgan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari yerni chigit ekishga tayyorlash, texnikalarning sozligi va chigitni bir tekis undirish to‘g‘risida fermer xo‘jaliklari va agroklaster rahbarlariga keng tushuntirishlar berdi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan bu yilgi bahor mavsumining har yilgidan erta kelgani, tuproqning harorati kutilgan darajaga yetgani chigit va boshqa ekinlar urug‘larini ekish uchun maqbul ekanligi ta’kidlandi.
Joriy yilgi ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Texnika va mexanizmlar, urug‘lik chigit, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari tayyorlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda baraka urug‘i qadash ishlarini har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib bajarish, yerlarni tayyorlash va urug‘ ekish tadbirlarini uzviy bog‘liq ravishda tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri