Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerfurushlikni niqob qilgan firibgarlar qo‘lga tushdi
10:57 / 2020-11-23

Surxondaryo viloyatida sodir bo‘layotgan tomorqa uchun yer maydonini sotish yoki olib berish bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy holatlar fosh etilgach, nopok ishga qo‘l urgan shaxslar bu qilmishidan pushaymon bo‘lib, yer chizib qolmoqda.

Ana shunday olg‘irlardan biri­ Termiz tumanidagi Qo‘ng‘irot mahallasida yashovchi Chori Quvvatov firib yo‘li bilan pul ishlamoqchi bo‘ladi. U At-Termiziy mahallasi hududida o‘ziga tegishli bo‘lmagan 9 sotix yer maydonini o‘tgan yil aprel oyida aldov yo‘li bilan Termiz shahri Majnuntol mahallasida istiqomat qiladigan Sanjar To‘rayevga 7 million so‘mga sotadi. Joriy yil iyun oyida esa o‘sha yerning 4 sotixini Termiz tumani Yangiobod mahallasilik Ikrom O‘tbosarov (ism-shariflar o‘zgartirildi)ga 4 million so‘mga pullab yuboradi.

Sho‘rchi tumani Joyilma mahallasida yashovchi Nigora Jo‘rayeva o‘ziga tegishli yer maydonini bir yo‘la ikki kishiga sotib, mumay daromad topmoqchi bo‘ladi. 4 sotix yerini Navro‘z mahallasilik Panji Nafasovga 62 million so‘mga sotishga kelishib, undan naqd 60 million so‘mni sanab oladi. Lekin, yerni hujjatlashtirib bermasdan ikkinchi xaridor bobotog‘lik Sharof Azimovga 70 million so‘mga sotib yuboradi.

Jarqo‘rg‘on tumani Yangiobod mahallasida yashaydigan Laziz Yo‘ldoshev Oftobqo‘rg‘on mahallasilik tanishi Jovli Ergashevga “Bobotog‘” paxta qabul qilish maskani yonidan 9 sotix yer olib berishni quyuq va’da qilib, uni chuv tushiradi. O‘tayotgan yilning yanvar, fevral oylarida 20 million 300 ming so‘m pulini olib, o‘zlashtirib ketadi.

Shunday qilib, Termiz tumanilik yollanma ishchi Ch.Quvvatov 45, sho‘rchilik ishsiz N.Jo‘rayeva 52, jarqo‘rg‘onlik ishsiz J.Ergashev 48 yoshida soddadil insonlarni aldash yo‘li bilan pul topaman, deb el orasida yuzi shuvut bo‘ldi.  

Mazkur holatlar bo‘yicha aldanib qolgan fuqarolar huquq-tartibot idoralariga murojaat etgach, yerfurushlik niqobi ostida  odamlarni chuv tushirgan bu shaxslarga Jinoyat kodeksining 168-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA