Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan bilan Jayxun Bayramov AQSHda bo‘lib o‘tgan muzokara yakunida ikki tomonlama kelishuvning ayrim bandlari bo‘yicha bir fikrga kelishganini ta’kidlashgan, biroq bir qator muhim masalalar bo‘yicha fikrlar bir joydan chiqmagan, deyiladi Armaniston tashqi siyosat idorasi saytida e’lon qilingan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, muzokaralar 1-4 may kunlari Virjiniya shtatining Arlington shahrida bo‘lib o‘tgan. Ikki vazir Vashingtonga kelib Entoni Blinken hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan ham uchrashuv o‘tkazishgan.
“Vazirlar hozirgi vaziyat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha pozitsiyalarini taqdim etdi. Vazirlar hamda ularning jamoalari “Tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risida”gi ikki tomonlama bitim loyihasining ayrim bandlari bo‘yicha bir to‘xtamga kelishdi, shu bilan birga, bir qator muhim masalalar bo‘yicha tutgan pozitsiyalari hamon bir joydan chiqmayapti”, - deyiladi bayonotda.
Tomonlar muhokamani davom ettirishga kelishib oldi, deyiladi xabarda.