Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerdan unumli va maqsadli foydalanish kerak
09:43 / 2022-08-20

Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yerlarning hisobini yuritish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

Viloyatda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona va samarali foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari hamda fuqarolar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazildi.  

Yuqoridagi targ‘ibot ishlarida asosan, yerlarni asrab avaylash, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan, eng avvalo, sug‘oriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini hamda ulardan belgilangan maqsadda, samarali va oqilona foydalanishni targ‘ib qilish, shuningdek, uy-joy va tegishli ko‘chmas mulklarni kadastr hujjatlarini tayyorlash, o‘z muddatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan fuqarolar va mutasaddi idoralar vakillariga tegishli tushunchalar berildi.   

Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi "Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida o‘tkazilgan monitoring o‘rganishlar natijasida hozirga qadar viloyat bo‘yicha 679 ta holatda 52,96 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlandi. 

Yerdan foydalanish bo‘yicha qonun buzilish holatlari tahlil etilganda 353 ta holatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 43,49 gektar, 231 ta holatda aholi punktlaridagi 5,84 gektar, 16 ta holatda sanoat, transport, aloqa mudofaa va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan 0,43 gektar hamda 65 ta holatda zaxiradagi 2,34 gektar yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.  

Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borildi. Jumladan, ularning o‘zlariga, vakolatli idoralarga ogohlantirish xatlari yuborilib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

Natijada 447 ta holat qonun buzuvchilarning o‘zlari tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Noqonuniy ravishda qurilgan inshootlarni buzdirish bo‘yicha sudlarga 168 ta da’vo arizasi kiritilgan bo‘lsa, 128 ta holatda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, ularga huquqiy baho berish uchun prokuratura idoralariga taqdim etildi.  

Shuningdek, ma’muriy amaliyot, ya’ni fuqarolarning o‘zlariga tegishli yer maydonlarini o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanish singari yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 3 ming 178 nafar  fuqaroga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarning 2 ming 275 nafariga 5 milliard 664 million 510 ming so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi. Qo‘llanilgan jarimalarning 2 milliard 612 million 455 ming so‘mi yoki 63,8 foizi undirildi.  

Bundan tashqari, 398 nafar huquqbuzarga nisbatan qo‘llanilgan 978 million 217 ming so‘m miqdoridagi muddati o‘tgan jarimalarni majburiy tartibda undirish bo‘yicha MIB hududiy bo‘limlariga taqdimnomalar yuborildi. Natijada bugungi kunga qadar qarzdorlikning 27,7 foizi undirildi.  

Umuman, viloyatda kadastr sohasida belgilangan ishlarni tizimli tashkil etish, qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, qonun buzilish holatlariga barham berish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.   

 

Fayoziddin Berdiqulov, 
Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i 

O‘zA