English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerdan unumli foydalanish – farovon hayotning mustahkam poydevori
15:57 / 2021-01-27

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi talablarining bajarilishi doimiy o‘rganilib, qonunbuzilishlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda yerdan foydalanish munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi bilan tartibga solinadi. Mazkur kodeksning 87-moddasida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon yerlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish oqibatida yerlarning sifati yomonlashuvi tufayli yuzaga kelgan nobudgarchiliklarning o‘rni qoplanishi belgilab qo‘yilgan.

Yer kodeksi qoidalari talablarining bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachi va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq  va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida Nizom” asosida amalga oshiriladi.  

Afsuski, yerdan foydalanishda belgilangan qoidalarga har doim ham rioya qilinadi, deb bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator qoidabuzishlar aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi.  

Jumladan, Arnasoy, G‘allaorol, Sh.Rashidov, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobod tumani hokimlari 2019 va 2020 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan noqishloq xo‘jalik ehtiyojlari uchun yer ajratish to‘g‘risida qabul qilingan jami 142 ta qarorning aksariyati yuqoridagi Nizom talablariga zidligi ma’lum bo‘ldi.  

Tuman hokimlari tomonidan shu davrda qabul qilingan 31 ta qarorda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdori 263 million 946 ming so‘mga, 13 ta qarorda esa 328 million 63 ming so‘mga kam hisoblangan. 76 ta qarorda 9 milliard 6 million 818 ming so‘m miqdordagi nobudgarchiliklar ko‘rsatilmagan va yer uchastkasini olishdan manfaatdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga zararni to‘lab berish majburiyati yuklatilmagan.

Masalan, Sharof Rashidov tumani hokimining "Subxidam fayz" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga “Oltinsoy” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi hududidagi 296-konturdan g‘isht ishlab chiqarishga tuproq kareri uchun 4 gektar lalmi haydaladigan yer 3 yil muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan ajratib berish to‘g‘risidagi 2019 yil 5 avgustdagi qarorida foydalanuvchiga 23 million 13 ming 192 so‘m miqdoridagi nobudgarchilik miqdorini to‘lab berish topshirilgan. Ushbu qarorda yuqorida keltirilgan nizom talablari noto‘g‘ri qo‘llash natijasida nobudgarchilik miqdori 20 million 251 ming 609 so‘m ortiqcha hisoblangani aniqlangan.

Shuningdek, bu kabi kamchiliklarni Forish tumani hokimining 2019 yil 12 apreldagi qarorida ham uchratish mumkin. “Enter cement” MCHJga sement ishlab chiqarish zavodi qurilishi uchun yaylov hududidan 70 gektar yer ajratish to‘g‘risidagi qarorda mazkur ishlab chiqarish natijasida yuzaga keladigan nobudgarchilik umuman ko‘rsatilmagan. Vaholanki, 70 gektar yaylov yerlarning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi 813 million 600 ming so‘mdan ziyodroqni tashkil etadi.

– Tabiiyki, mahalliy hokimliklar tomonidan chiqarilgan qarorlardagi bunday nuqsonlar o‘z ortidan bir qator salbiy holatlarni yuzaga keltirgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori Rahmiddin Sanaqulov. – O‘rganib chiqilgan tumanlarda qishloq  xo‘jaligi  va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash uchun jami 9 milliard 309 million 333 ming so‘m miqdordagi mablag‘larning to‘lanmay qolishiga sabab bo‘lganligi aniqlandi. Vaholanki, ushbu mablag‘lar to‘g‘ri hisobga olinib, o‘z vaqtida davlat xazinasiga tushirilganda yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘oriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish va tuproq unumdorligini oshirish, pichanzorlar va yaylovlarni tubdan yaxshilash, yer tuzish, kadastr va o‘rmon barpo etishdek muhim tadbirlarni amalga oshirish mumkin edi.

Yer kodeksi talablarini buzgan mansabdor shaxslarni “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi Nizom”ning tegishli bandiga muvofiq qonuniy javobgarlikka tortish choralari ko‘rib borilayotir.  

Jumladan, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari va ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan sharoitlarni barataraf qilish maqsadida 7 ta tuman hokimiga taqdimnoma, 7 ta kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘iga yozma ko‘rsatma berildi. Bir kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘iga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 66-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi. Qonunbuzilishlarga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim qilindi.  

Ammo olib borilayotgan bu ishlarga qaramasdan yerdan foydalanishdagi barcha kamchilik va qonunbuzilishlarni to‘liq bartaraf etish muammoligicha turibdi. Buning sababi uzoq yillar yer hisob-kitobi aniq olib borilmaganidir. Masalan, mamlakatimizda yer xatlovi oxirgi marotaba 40 yil oldin o‘tkazilgan. Shu bois, ko‘plab tumanlarda ma’muriy chegaralar hozirgacha aniq emas. 20 yil avval qabul qilingan qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi bugungi islohotlar talabiga javob bermay qolgan.  

Shu sababli sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida tizimni isloh qilish boshlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 sentyabrdagi «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi.

Davlat kadastrlarini yuritishning tizimini samarali tashkil etilishi yer hisobini joyiga qo‘yishda, foydalanishdagi yer maydonlari chegaralarini aniq shakllantirib olish imkoniyatini berishi kutilmoqda. Bu soliq solish bazasini kengaytirishda, undan keladigan mablag‘larni to‘liq byudjetga tushirishda ham muhim omil bo‘lishi shubhasiz.  

“Yeri boyning – eli boy”, deydi xalqimiz. Inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilishi uchun zarur bo‘lgan yerning har qarichi – oltinga teng. Undan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

T. BEKNAZAROV, O‘zA