Qaror va ijro
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yer resurslaridan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mavjud yer maydonlaridan unumli foydalanish, mahsulot hajmini oshirish hamda eksport ko‘rsatkichlarini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Bu borada Toshkent viloyatining Toshkent tumanida ham fermer xo‘jaliklari va yerdan foydalanuvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan dala chetlari, kanallar hamda sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida meva ko‘chatlari ekish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, meva ko‘chatlari tagiga to‘qsonbosti usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish, yerdan foydalanish samaradorligi oshirilmoqda.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan hududlarda doimiy monitoring o‘tkazilib, amalga oshirilayotgan ishlar “Dala nazorati” platformasiga joylashtirib borilmoqda. Bu esa ijro intizomini ta’minlash va belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishiga xizmat qiladi.
Joriy yil hosili uchun hududdagi jami ikki ming gektar maydonga ertagi kartoshka ekish rejalashtirilgan. Shuning 1600 gektari fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, yana 400 gektari dehqon xo‘jaliklari tomonidan ekilmoqda. Bu raqamlar tumanda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamjihatlik va tizimli ishlarning yaqqol ifodasidir. Ayni paytda kartoshka ekish uchun zarur bo‘lgan urug‘lik zaxirasi to‘liq yaratilgan.

Aholini erta muddatlarda kartoshka bilan ta’minlash maqsadida “Navoiy Mirishkor” hududida joylashgan “Abdusattor Agro Omad” fermer xo‘jaligi tomonidan kartoshka ekish ishlari boshlab yuborildi. Ekilgan maydonlar peshma-pesh plyonka bilan yopilib, hosilni sovuqdan asrash va barvaqt o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, tumanning barcha hududlarida ham kartoshka va boshqa ekinlarni ekish uchun yer maydonlari tayyorlab qo‘yilgan hamda urug‘liklar zaxirasi yetarli.
Bu ishlar kelajakda barakali hosil, barqaror ta’minot va dehqon mehnatining samarasini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mazkur tumanda o‘tgan yil meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilish borasidagi ko‘rsatkichlar ham yuqori bo‘ldi. Bu jarayonda mahsulot sifati va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratildi. Jami 145 ming 351 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun 6 ming 601 ta ichki fitosanitariya sertifikati berildi.

Bunday ko‘rsatkichlar, avvalo, mahsulot yetishtirish, saqlash va eksportga tayyorlash jarayonlarida yagona tizim shakllanganidan dalolat beradi. Eksport hajmlarining keskin o‘sishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar ochib, tashqi bozorlarda milliy mahsulotlarga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.

A.Musayev, O‘zA.